O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Turkiya tajribasini o‘rganishda davom etmoqda
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov boshchilik qilayotgan delegatsiya Turkiya Respublikasidagi muzeylarga bo‘lgan tashrifini davom ettiradi. Delegatsiya tarkibi Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat.

Delegatsiyaning 20 sentyabrga qadar davom etadigan Turkiyaga bo‘lgan tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeylari ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitishda Turkiya tajribasini o‘rganish va Markaz loyihalarini keng targ‘ib qilishdir.
Tadbirlar Istanbul va Anqarada bo‘lib o‘tadigan dasturlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, to‘rt kunlik tashrif davomida delegatsiya aʼzolari “Panorama 1453” tarix muzeyi, “Istiqlol” Istanbul illyuziyalar muzeyi, Fuat Sezgin nomidagi Ilm-fan tarixi muzeyi, Turk-islom sanʼati muzeylarining innovatsion tajribalari, Istanbuldagi Yildiz saroyi hamda To‘pqopi saroyidagi O‘zbekiston madaniy merosiga oid eksponatlari bilan ham tanishishadi. Ayyub Sulton maqbarasidagi Ali Qushchi qabri ziyorat qilinadi.
IHTning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) direktori, WOSCU Kengashi aʼzosi Mahmud Erol Qilich, Tekirdag‘ universiteti professori va O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy maslahatchisi Halit Eren, Islom tadqiqotlar markazi (ISAM) direktori Murtaza Bedir bilan bo‘ladigan uchrashuv asnosida mamlakatimizning qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati haqida “Yangi O‘zbekiston: Zamon, makon va madaniy meros” mavzusidagi fotoko‘rgazma ham bo‘lib o‘tadi.
Qolaversa, delegatsiya kun tartibidan “O‘zbekiston – Turkiya: tutash ildizlar va umumiy meros” mavzusidagi davra suhbati, “O‘zbekistonning buyuk allomalari ensiklopediyasi” loyihasi taqdimoti, Islom tadqiqotlar markazi (ISAM), Marmara universiteti, Istanbul tadqiqot va taʼlim vaqfi (ISAR) hamda Uskudardagi O‘zbeklar tekkesi, Turkiya qo‘lyozma asarlar boshqarmasi, Sulaymoniya va Romi kutubxonalari, “Mega basin” nashriyot uyiga tashrif ham o‘rin olgan.