O‘zbekistonlik rassomning Tretyakov galereyasidagi birinchi asari

Mashhur batalist rassom Vasiliy Vereshchaginning Turkistonga oid asarlar turkumi Tretyakov galereyasi tomonidan 1874-yildayoq sotib olingani hech kimga sir emas. Ammo O‘zbekistonda bevosita yashab ijod qilgan qaysi rassomning asari Tretyakovkada birinchi bo‘lib paydo bo‘lganini quyidagi ma'lumotlardan bilib olamiz:

Davlat Tretyakov galereyasi dunyodagi eng yirik muzeylardan biridir. Moskvalik savdogar va fabrikant Pavel Tretyakov hamda uning ukasi Sergeyning faoliyati ko‘lami juda ulkan edi. Bugungi kunda muzey ekspozitsiyasida 180 mingdan ortiq ashyolar saqlab kelinmoqda, ular orasida minglab tasviriy san’at asarlarini ham uchratish mumkin. To‘plam o‘nlab yillar davomida kengayib borgan, biroq Vasiliy Vereshchaginning asarlaridan tashqari Turkiston va O‘zbekiston bilan bog‘liq asarlar ucramagan. 1917-yilgi inqilobdan so‘ng vaziyat o‘zgara boshladi. Galereya davlat mulkiga aylandi. 1920-30-yillarda fondlar milliy badiiy madaniyatlarning o‘ziga xosligini namoyon etuvchi rangtasvir, haykaltaroshlik va grafika ustalarining asarlari bilan to‘ldirila boshlandi.

Misol uchun, 1934-yil sentyabrda Moskvadagi Sharq madaniyatlari davlat muzeyida ochilgan O‘zbekiston zamonaviy rangtasviri ko‘rgazmasi  noyob milliy hodisa sifatida qayd etilgan. Aynan o‘sha davrda Tretyakov galereyasi taniqli o‘zbek rassomi Pavel Benkovdan ko‘rgazmada namoyish etilgan "Xivalik qiz" asarini sotib oldi. Bu asar Tretyakov galereyasi to‘plamidagi o‘zbek rassomining birinchi asari sifatida e'tirof etiladi.

Pavel Benkov o‘zining dastlabki muhim asarlaridan biri bo‘lgan "Xivalik qiz" kartinasida o‘zbek xalqi turmush tarzining o‘ziga xos jihatlarini va milliy liboslarning betakror rang-barangligini mohirona tasvirlagan.

Pavel Benkov (1879-1949) - Peterburg Badiiy akademiyasi va Parijdagi Juliana akademiyasi (Académie Julian) ta'lim olgan, 1930-yilda Samarqandga kelib o‘rnashgan. U rang-barang sharq bozorlari, o‘zbek choyxonalaridagi dam olayotgan odamlar, quyosh nurida charaqlab turgan ko‘chalarni aks ettiruvchi ko‘plab etyud va kartinalar yaratgan. Pavel Benkov umrining oxirigacha (o‘n to‘qqiz yil davomida) Samarqand rassomchilik bilim yurtida ta’lim bergan. O‘zbekiston rassomlarini tarbiyalashdagi ulkan hissasini e’tiborga olib, Toshkentdagi Respublika rassomchilik kolleji uning nomi bilan atalgan.