Uzoq o‘tmishning VIII–XIV asrlariga, yaʼni somoniylar, qoraxoniylar va temuriylar davlatlari davriga borib taqaladigan Markaziy Osiyo hududidagi shaxsiy kutubxonalar va kitob fondlarining shakllanishi, paydo bo‘lishi tarixi alohida eʼtiborga loyiq va shubhasiz hammada katta qiziqish uyg‘otadi.
O‘sha davrdagi shaxsiy kutubxonalarning rivojlanishiga davlatlarning iqtisodiy va madaniy holati, kitobga eʼtibor qaratilishi, umuman, musulmon jamiyatiga xos bo‘lgan xususiyat, hukmron saroylaridagi homiylik ishlari va kitob mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sib borishi yaxshi taʼsir ko‘rsatdi.
XIX asrda va XX asrlarning boshlarida shaxsiy kutubxonalar, ayniqsa, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlardagi kutubxonalar jadal rivojlana boshlagan.
Shaxsiy kutubxonalarni kitoblar bilan boyitishning asosiy manbalari asosan jismoniy shaxslarning sovg‘a qilgan, mamlakat ichkarisida va xorijdan sotib olingan kitoblar hisoblangan. Ammo ko‘pincha kitobga qiziquvchilar va kolleksionerlar taniqli olimlar, yozuvchilar va ilohiyotchilarning nodir, qadimiy asarlarini sotib olish uchun qo‘shni mamlakatlarga, xususan, Eron, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoniga ham borib kelishgan.
Shaxsiy kutubxonalarning eng ko‘pi Buxoro amirligi hududlariga to‘g‘ri keladi: beklar, qozilar, mullalar, maʼmuriy boshqaruv idoralari vakillari, ziyolilar, yozuvchilar, olimlar o‘zlarining shaxsiy kitoblar to‘plamlariga ega bo‘lganlar. Ko‘plab kutubxonalar ancha oldindan shakllangan va avloddan avlodga o‘tib kelgan.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi haqidagi boshqa ma’lumotlarni «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasining qo‘lyozma va kitob merosi» ( XLI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.