Movarounnahr tarixining eng qiziqarli bosqichlaridan biri qoraxoniylar sulolasi bilan bog‘liqdir.
Sulolaning nomi Sotuq Bug‘raxonga tegishli Qoraxon unvonidan kelib chiqqan. Sulola vakillari Tyanshan oldi hududlarida yashagan va qarluq birlashmasi tarkibiga kirgan chigillar urug‘laridan kelib chiqqan. XI asrning boshlarida rivojlanishning eng yuqori pallasiga chiqqan paytda qoraxoniylar hududlari g‘arbda Amudaryodan sharqda Jung‘oriya oldi hududlarigacha yetib borgan. Davlatning shimoliy chegarasi Balxash ko‘li hududlari bo‘lib, janubda Xo‘tangacha yetgan.
Sulolaning barcha hukmdorlari tangalar zarb qilishgan. Qayd etish lozimki, tangalar nafaqat poytaxtda, balki kichik shaharlarda ham, masalan, O‘sh va Quvada sulola vakillari tomonidan o‘z tangalari zarb etilgan.
Tarixchi olima A.Musakayevaning taʼkidlashicha, Buxoroda milodiy III-IV asrlarda mis tangalar muomalada bo‘lgan. Bu tangalarning old tomonida tuya suratlari tasvirlangan. Umuman Buxoro tangalarida 300 yil davomida tuya tasvirli tangalar ustunlik qilgan.
Shuningdek, Choch va Varaxshadan topilgan tangalarda ham qurbongoh va tuya tasvirlari ko‘p uchraydi. Arxeologlar V.A.Shishkin va L.I. Rempelning qayd etishicha, tuyani tangalarda tavsirlash aslida Avesto rivoyatlaridan meros qolgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Samarqand Davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XVIII jild) tanishishingiz mumkin.