Qashqadaryolik ayollar bosh kiyimi rang-barangligi, kashtasining usuli va ularning kompozisiyasi bilan ajralib turgan.
Iroqi usulidagi gilam kashtalari ularning o‘ziga xosligini belgilab, O‘zbekistonning boshqa hududlari bosh kiyimidan farqlangan. Kulta yoki kiygich keng tarqalgan bosh kiyimi edi. Ushbu yumaloq shakldagi bosh kiyimining chetlariga jiyak tikilib, tepa qismi qat-qat bo‘lgan. Shunga o‘xshash yana bir bosh kiyimi chochqop deb nomlangan. U iroqi usulidagi kashta bilan qoplangan.
Shuningdek, ayollar kulta ustidan rang-barang ro‘mollar o‘ragan. Chambarshox qashqadaryolik yoshi ulug‘ ayollarning an’anaviy bosh kiyimi sanalgan. U shox shaklida aylantirib o‘ralgan o‘nta ro‘moldan iborat edi. Chambarshox boshni oftobning jazirama issig‘idan asragan.
Boshqa o‘zbek milliy liboslari haqidagi ma’lumotlarni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston muzeylari va xususiy Kolleksiyalari materiallari bo‘yicha an’anaviy o‘zbek liboslari” (XLIX jild, 2-qism) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.