Qayer nog‘oraxona deb atalgan?

Musiqa madaniyatining bu davrdagi qiziq hodisalaridan biri xuddi avvalgidek, maxsus ansambl – nog‘oraxonalarning mavjud bo‘lib kelganidir.

 

Bunday ansambllar O‘rta Osiyodagi har bir xonlik poytaxtida va yirik bekliklarning markazlarida faoliyat ko‘rsatgan. Xususan, Darvish Ali Changiy bir paytlar Andijon nog‘oraxonasi boshlig‘i lavozimida ishlaganini ham yozgan. Nog‘oraxona boshlig‘i mehtar (boshliq, rahbar) deb atalgan, keyinroq esa bu vazifani mohir surnaychiga yuklatilgan (avvalgi paytlarda bu lavozimga nog‘orachilar tayinlangan).

Nog‘oraxona deb mazkur ansamblning musiqa asboblari saqlanadigan maxsus joyni ham nomlashgan. Ular asosan ark darvozasi ustida, amir qarorgohida, old devori ochiq, ayvon ko‘rinishidagi inshootda joylashgan. Nog‘oraxonadan nafaqat turli maxsus signallar yangragan, balki maxsus davrada tashkil etilgan cholg‘u (surnay) maqomlari ham ijro etilgan. Mazkur ansamblning barcha xarajatlari davlat mablag‘lari tomonidan qoplangan. Bu haqda Qo‘qon xoni Xudoyorxon (1866 – 1875) davriga oid arxiv hujjatlari ham dalolat beradi.

Keyingi davrlarda O‘rta Osiyo chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, nog‘oraxonadan tashqari Yevropaning puflab chalinadigan va zarbli asboblari ishtirokidagi harbiy orkestrlar ham tuzila boshlagan. Ushbu orkestrlar asosan turli harbiy marshlarni o‘z repertuarlariga kiritishgan. Nog‘oraxona esa xuddi shunga o‘xshash sharqona ohangdagi harbiy musiqalarni ijro etgan. A. Eyxgorn tomonidan yozib olingan «Nag‘mai sarbozi Xo‘qand» («Qo‘qon sarbozining taronasi») marshi ham musulmon Sharqidagi ko‘plab shu yo‘nalishdagi musiqiy asarlarni yodga soladi. Mazkur tarona M. I. Glinka qalamiga mansub «Fors marshi»ning o‘ziga xos namunasi hisoblangan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.