Qo‘lyozmalardagi muhrlar nima uchun o‘chirilgan?

Ma’lumki, o‘rta asrlarda, ayniqsa, Boburiylar davrida ko‘plab olimlar va hunarmandlar Hindistonga O‘rta Osiyo va Erondan ko‘chib kelishgan.

 

Ushbu muhojirlar, ehtimol, o‘zlari bilan o‘ta muhim kitoblarni ham olib kelishgandir va oxir-oqibat ular Hindistondagi xususiy kolleksiyalardan joy olgan.

Ba’zi olimlar o‘zlarining kolleksiyalarini kelajak avlodlarga yetkazish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida Raza kutubxonasiga ixtiyoriy topshirishgan. Ushbu albom-kitobga kiritilgan har bir qo‘lyozmaning tarixini izlash juda qiyin, ba’zan esa imkonsizdir. Masalan, ba’zi qo‘lyozmalar, kolofonlarining ko‘rinishiga qaraganda, uzoq joylarda biror-bir xattot-olimning buyrug‘i bilan ko‘chirilganligi bilinib turadi. Hozirda ular Raza kutubxonasi fondlarida saqlanmoqda, ammo ular qanday qilib bu yerga kelib qolgan? Ushbu masala yana alohida izlanishlarni talab qiladi.

Turli xil imzolar, qo‘zlyozmalarning avvalgi egalari va hozirgi holati haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, kutubxonalar egalari va muhofizlarining muhrlari ham ularning tarixi haqida xabar beradi. Qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganayotgan ko‘pgina holatlarda, avvalgi egalarining ismlarini yashirish uchun muhrlarning o‘chirilganligini ham ko‘rish mumkin. Bundan ko‘rinadiki, avvalgi egalari haqidagi ma’lumotlarini yashirish, o‘sha davrda nodir kolleksiyalarni o‘zlashtirish jarayonining bir qismiga aylangan.

Mavzuga doir batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.