Go‘rxonaning asosiy binosi maqbara bilan bir vaqtda (XI asrda) qurilgan.
Ziyoratxona bilan go‘rxona orasidagi devorning oynasi o‘rniga nafis o‘ymakor pilakchalar terib ishlangan panjara o‘rnatilgan. XIV asrning 80-yillarida Qusam ibn Abbos qabri ustiga yangi sag‘ana o‘rnatiladi. Uning yon qirralariga zar yugurtirilgan harflar bilan Qur’oni karim oyatlari yozilgan. Yuqori yon qirrasiga Qusam ibn Abbosning vafotiga baxshida matn bitilib, uning tarixi yozilgan. Bu sag‘ana Xorazm (Xiva, Ko‘hna Urganch)da yasalgan shu kabi inshootlarni bezatish, naqshlash uslublari va xat turlariga juda yaqin. Shu sababga ko‘ra, mutaxassislar sag‘anani Xorazm ustalari tomonidan yasalgan, deb hisoblaydi.
Sag‘anadagi matnni individual uslubda, yuqori darajada bajarilgan xattotlik san’ati namunasi sifatida baholash mumkin. Yuqori saviyaga ega bo‘lgan xattot yozuvni devoniy uslubda bitgan. Shu bilan bir qatorda, boshqa uslublardan (ta’liq, nasx uslubining kursiv turlaridan) ham foydalangan. Yozuvga nafislik bag‘ishlash maqsadida xattot ba’zan qalamini uzmasdan yozavergan, qo‘shilmaydigan harf va so‘zlarni bir chiziqlar bilan bir-biriga ulab yuborgan va tegishli nuqtalarni umuman qo‘ymagan. Shunday joylarda bitik bir go‘zal chiziq va naqshni ko‘proq eslatib, uni o‘qish o‘ta qiyin vazifaga aylanadi. Shu sababli bu yozuv sayyoh va tadqiqotchilar tomonidan hanuzgacha o‘qilmagan.
Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.