Sag‘ananing ikkinchi va uchinchi pog‘onada Qur’oni karim «Oli Imron» surasining 169 – 171-oyatlari bitilgan.
Alloh yo‘lida o‘ldirilganlarni aslo o‘liklar deb hisoblamang! Aslida [ular] tirik – Parvardigorlari huzurida [jannat ne’matlaridan] rizqlanib tururlar. [Mazkur qatl etilgan shahidlar] Alloh o‘z fazli bilan ato etgan narsa [ne’matlar]dan xushnud, ortlarida [tirik] qolib, hali ularga qo‘shilmagan [g‘oziylar]ga [Qiyomatda] xavf va tashvish bo‘lmasligi haqida bashorat bergan holda [yashaydi].
Qusam ibn Abbos qabrtoshining tepa qismi yon tomonida epitafiya mavjud.
Bu rasullarning ulug‘i, payg‘ambarlarning so‘nggisi, olamlar Parvardigorining elchisi [Muhammad] – unga Allohning salomi bo‘lsin! – jiyani, mo‘minlar amiri Qusam ibn Abbosning qabrtoshi – Alloh u ikkalasidan rozi bo‘lsin! Alloh u ikkalasining shafoatidan bizlarni nasibador aylasin. Ul zot 57 [676 – 677] yili vafot etgan.
Qusam ibn Abbosning ta’riflari keltirilgan ikkinchi baxshida yozuv qabrtoshning g‘arbiy tomoni o‘ng yonidan boshlanadi. Zo‘r mahorat bilan joylashtirilgan matnda Qur’oni karimdan iqtibos keltirilgan. Matndagi bir bo‘lakdan ikkinchisiga o‘tishda maxsus belgi (//) bilan bo‘lindi.
Bu shunday jannatki, qasrlari baland, qalblar xotirjam, nurlari porloq, daryolari qaynab chiqar, [oyatda zikr etilganidek,] «ular uchun [jannatda] ostilaridan anhorlar [suvi] oqib turuvchi bog‘lar bordir»1, uning har bir qatrasidan mukammal izzat tomchilari oqib turadigan va unda [jannatda] buyuk Allohning roziligi mavjud. [Bu jannat esa] shahidlar ulug‘ining oliy yig‘indisi, adolat tayanchisi, Rasululloh davlatining himoyachisi, insonlar murabbiysi, Qusam ibn Abbos uchun tayyorlangan – Alloh undan rozi bo‘lsin va unga [Allohning] salomlari bo‘lsin!
Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.