Raza kutubxonasi qadimiy noyob asarlar va qo‘lyozmalarga boy xazinadir.
Har bir qo‘lyozmaning bu yerga qanday kelib qolganligi haqida o‘ziga xos hikoyalar mavjud. Masalan, «Majolis al-ushshoq» qo‘lyozmasi Boburiylar imperatorlik kutubxonasidan (Dehli) Rampurgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Unda hijriy 999, milodiy 1591 yili Abdurrahim Xoni Xonon tomonidan yozilgan qayd va uning muhri mavjud bo‘lib, bu qo‘lyozma Xoja Shayx Muhammaddan Imperator kutubxonasi uchun 250 rupiya evaziga sotib olinganligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, unda imperatorlar Shohjahon va Avrangzeb kutubxonachilarining ushbu qo‘lyozma ularning kutubxonalariga qabul qilinganida bosilgan muhrlari ham mavjud. Muqovada ushbu qimmatbaho kitob 1238 hijriy/1822—1823 milodiy yillarda Farruxobod navobi Badr ul-Davla Shujo’ ul-Mulk Muhammad Sa’odatmand Xon Bahodur Asad Jangdan, Shohjahonobod (Dehli) navobi G‘olib Jang tomonidan sotib olinganligi va 1903 yilda Rampurdagi Davlat kutubxonasi munsarimi (muhofizi) Ahmad Ali Bangashga topshirilganini tasdiqlovchi to‘rtburchak muhrni ham ko‘rish mumkin.
Mavzuga doir batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.