Respublika bo‘ylab "Maʼrifat karvoni" tadbirlari o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi bilan 2-7 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ylab “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida Maʼrifat karvoni ilmiy-maʼrifiy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Maʼrifat karvoni Yangi O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi taraqqiyot yo‘li, yangi yuksalish davrida erishilayotgan yutuqlar va diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkaziladi.

Tadbir Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Fanlar akademiyasi va viloyatlar hokimliklari hamkorligida tashkil etiladi. Maʼrifat karvoni doirasida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mohir mutarjimi Mirzo Kenjabek tomonidan tarjima qilingan “Anvorul-Qurʼon: “Fayzul-Furqon” nomli Qurʼoni Karimning o‘zbek tilidagi yettinchi tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" kitob-albomlari vatandoshlarimiz uchun bepul tuhfa etilishi belgilangan. Bundan tashqari joylarda Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi Islom olamining yetuk olimlari haqidagi hujjatli va animatsion filmlarning taqdimoti, ilmiy-maʼrifiy mazmundagi videoroliklarning namoyishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

— "Maʼrifat karvoni” bu yangi loyiha hisoblanadi. Loyihaning asosiy maqsadi barcha viloyatlarda ziyolilar va respublikada maʼnaviyat va maʼrifatga javob beradigan shaxslarning bilimlarini oshirish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish. Ikkinchidan, mazkur ishlar haqida ziyolilarimizning fikrlarini tinglash. Eng muhimi, bugungi kunda Prezidentimizning yangi O‘zbekistondagi islohotlarini, zamonaviy usulda yetkazishdan iborat, — dedi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi direktori Otabek Hasanov.

Yig‘ilishda ushbu tadbirni ko‘tarinki ruhda va samarali o‘tkazish zarurligi taʼkidlanib, masʼullarga ko‘rsatmalar berildi. Joylarda mamlakatimizda so‘nggi davrlarda erishilgan yutuqlar ifodalangan videorolik va filmlar namoyishini tashkil etishga alohida urg‘u berildi.