O‘rta Osiyo va O‘zbekiston ko‘hna shaharlarida oddiy cholg‘uchi san’atkorlar xuddi hunarmandlar uyushmalari singari o‘sha davrga xos tashkilotlarda birlashishgan.
Bunday tashkilotlar «mehtarlik» deb nomlangan va u musiqachilar, xalq tomoshalari vakillari (xususan, qo‘g‘irchoqbozlar) ni o‘zida birlashtirgan. Mazkur tashkilot alohida risola orqali muayyan tartibga solingan o‘ziga xos kasbiy, axloqiy qonun-qoidalarga amal qilgan. Ulardan biri «Risolai mehtarlik» XX asr boshlarida o‘zbek tilida bitilgan bo‘lib, ayni paytda Rossiya etnografiya muzeyidagi (mazkur albomda ko‘rishingiz mumkin) to‘plamda saqlanadi. Har bir shaharda tashkil qilingan musiqachilar mehtarligi shaharning ma’lum qismi (mahalla, guzar, daha) uchun xizmat qilgan, shu hududning tadbirlari (oilaviy marosimlar, to‘ylar, aqiqa, sunnat, turli bayramlar va ommaviy ko‘ngilxushliklar)da ishtirok etishgan.
Mehtarlik ustaxonalari ko‘pgina rishtalar bilan shahar hayoti, uning turfa xil talab va ehtiyojlari bilan chambarchas bog‘langan. Ansambl tarkibiga (uch kishidan yigirma kishigacha va undan ham ko‘proq) surnaychi, nog‘orachi, doirachi, karnaychilar kirgan, ularning tepasida esa surnaychi turgan. Masalan, Toshkentning to‘rtta dahasida o‘z mehtarlik guruhlari bo‘lgan, etnograf M. F. Gavrilovning hisob-kitobiga ko‘ra, har birida 13 tagacha musiqachi bo‘lgan. Mehtarlik musiqachilari shaharlarda odatda ma’lum bir joyda, alohida mavzelarda yashashgan va ko‘pincha bu joylar ularning nomi bilan atalgan. Masalan, Buxoroda «Nog‘orachi» dahasi, Marg‘ilonda «Karnaychi» mahallasi bo‘lgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.