Fransuz rassomi Anri Matiss Sharqni judayam yaxshi ko‘rgan, uzoq vaqt davomida Jazoir va Marokashda ishlagan.
Uning bezatuvchi kompozisiyalari xalq san’atini, Sharq gilamlarini, miniatyuralarini eslatib, sharqona ruh beradi, ayni vaqtda esa Yevropa san’atida o‘ziga xos hodisa bo‘ladi.
Yoki Pol Gogenni olaylik. U Taitida yashab, fransuzlar iborasi bilan aytganda, «yerdagi jannat»dan ilhomlanib, o‘zining «afsonalar va haqiqat, orzular va mavjudlik, o‘tmish va hozirgizamon»dan iborat bo‘lgan nazmiy olamini yaratgan.
Fransuz rassomlari Taiti, Jazoir va Marokashdan ilhom izlaganlaridek, rus rassomlari ham Rossiya imperiyasining sharqiy o‘lkalarini «o‘zlashtirganlar». Turkistondagi birinchi dastgohli rassomlar Peterburg San’at akademiyasini bitirgan rus rassomlari V. Vereshchagin, N. Karazin, R. Zommer, S. Dudin, S. Yudin, L. Bure, I. Kazakov, V. Razvadovskiylar bo‘lganlar. Ular ijodining asosiy mohiyatini etnografik realizm tashkil etgan bo‘lib, bu me’morchilik obidalari, o‘ziga xos turmush, an’anaviy hayot tarzi, mahalliy xalqlarning san’ati, etnik va diniy madaniyatni dastgohli tasviriy san’at ko‘rinishida mohirona aks ettirish imkoniyatini bergan.
Shu tariqa Turkistonda mahalliy tomoshabin yevropacha san’at turlari bilan tanishgan, badiiy ijod studiyalari ochildi, suratlar ko‘rgazmalari o‘tkazila boshlandi, «Nafis san’at va hunarmandchilik sanoati jamiyati» yaratildi, Toshkent o‘lkashunoslik muzeyi ochildi.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Tretyakov galereyasi Davlat to‘plami” (III jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.