Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi qanday kolleksiyalarni o‘zida jamlagan?

Muzey o‘tmishda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi tarzida turmush kechirgan xalqlarning maishiy hayotida foydalanib kelingan katta devoriy pannolardan tortib, choyshablar, joynamozlar va kichik naqshlar bilan bezatilgan kashtalargacha bo‘lgan, O‘zbekistondagi eng nodir milliy kashtachilik to‘plamlaridan biriga ega.

Shuningdek, muzey XIX asrning 80 – 90 yillariga oid kelin va kuyovlarning alohida liboslari, 2500 ta anʼanaviy o‘zbek kiyimlari to‘plamlarini o‘zida jamlagan. 1920 yilda Buxoro amirining xazinasidan keltirilgan zardo‘zlik buyumlari ham  muzeyning nodir kolleksiyasi sanaladi. Ushbu (1500 ta buyumdan iborat) zardo‘zlik kolleksiyasi tarkibida XIX asrning o‘rtalaridan XX asrning boshlarigacha bo‘lgan davrga oid kelinlarning to‘liq to‘y sarpolari kolleksiyasi ham bor.

XX asrning boshlarida mashhur Rossiya zavodlarida ishlab chiqarilgan hamda XX asrning ikkinchi yarmida Toshkent va Samarqand chinni zavodlarida ishlangan chinni idishlar ham Muzey to‘plamlari ichida muhim o‘rin egallaydi.

Qo‘lyozmalar fondi 3000 dona atrofidagi nodir eksponatlardan tarkib topgan bo‘lib, ular islomiy sud jarayonlariga oid qimmatli hujjatlar, huquqiy va notarial kelishuv dalolatnomalari, diniy va dunyoviy mazmundagi arab, o‘zbek, fors va turk tillarida bitilgan qo‘lyozma hamda toshbosma kitoblarning noyob to‘plamlarini o‘z ichiga olgan. Muzeyda miniatyuralar bilan bezatilgan qator qo‘lyozmalar ham ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Hujjatlar fondi va fototekasi, XIX asr oxirlaridan XX asrning oxirigacha bo‘lgan davrga oid O‘zbekiston fan va madaniyat arboblarining shaxsiy hujjatlari, fotosuratlar, gazetalar, afishalardan iborat 60000 dona eksponatlarni o‘z ichiga olgan. Umuman olganda Muzeydagi to‘plamlar uning nomlanishida aks etganidek, O‘zbekistonning madaniy yodgorliklari tarixi, badiiy hunarmandchilik va amaliy sanʼatini o‘rganishga qaratilgan kolleksiyalarni o‘zida jamlagan.
 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “SAMARQAND DAVLAT MUZEY-QO‘RIQXONASI TO‘PLAMI” kitob-albomida (XVIII jild) tanishishingiz mumkin.