Samarqand xattotlik maktabining eng yorqin namoyandalari sirasida:
Ahmad ibn Umar Ash’as Abu Bakr Samarqandiy XI asr yirik xattotlaridan biri edi. Bir qancha muddat Damashqda turgan, u yerda mushaf (Qur’on)ni ko‘chirgan.
Muhammad Sobir ibn Muhammad Solih Samarqandiy XVII asr Samarqandning xushnavis xattotlaridan biridir. Mu’in Miskin Hiraviyning «Ma’orij an-nubuvva» (Payg‘ambar me’rojlari) asarini 1689 yil Samarqand qog‘oziga badiiy nasta’liq xati bilan ko‘chirgan. Qo‘lyozmaning bosh qismida zarhal bilan ziynatlangan lavh mavjud (inv. № 9621).
Muhammad ibn Husayn Mirakiy Samarqandiy tarixnavis va xattot bo‘lgan.
Ali ibn Husayn Ansoriyning «Ixtiyoroti Badi’iy» (Badi’ga bag‘ishlangan tanlanma) nomli asarini 1541 yil Shayboniy Abdullatifga atab ko‘chirgan (inv. № 1598).
Ochildi Murod Miriy Kattaqo‘rg‘oniy Ne’matulloh o‘g‘li Kattaqo‘rg‘on va uning atrofida Mulla Ochildi, Ochildi Mahdum, keyinroq Qozi Ochildi nomi bilan mashhur bo‘lgan. U Hofiz Sheroziy, Alisher Navoiy, Bedil kabi shoirlarning asarlarini, shuningdek har xil darsliklarni ko‘chirib va ularni sotib, tirikchilik qilar edi (inv. №№ 1380, 1408, 9395).
Abdujabbor Urgutiy Samarqandiy (1885 – 1910) nasta’liq xati bo‘yicha mashhur xattot bo‘lgan. 250dan ortiq qo‘lyozmani ko‘chirgan (inv. № 2460).
Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi (XXV jild), “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.