O‘zbekiston hududida zargarlik buyumlarining kelib chiqish tarixi ming yilliklarning qaʼriga borib taqaladi. XIX asrda ushbu hunarmandchilikning eng yirik markazlari Xiva, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Qo‘qon shaharlari bo‘lgan. Har bir markaz o‘zining shakllariga va bezak naqshlariga ega bo‘lgan.
Samarqandlik va toshkentlik kelinlarning eng sevimli bezaklari zarhal berib ishlangan, usti feruza va rangli shishalar qadalib bezatilgan, pastki qismi esa shaklli solinchoqlar bilan bezatilgan tillaqoshlar bo‘lgan. Ulardan biri Muzey ko‘rgazmasidan joy olgan. Tillaqoshning Buxoro varianti – peshonaga taqiladigan boloobro‘ nomli bezak ham qansharda bir-biriga yaqin turgan qosh shakliga ega bo‘lib, o‘rtasiga katta qizil tosh qadalgan. Ustki qismiga feruza qadalib bezatilgan, pastki qismida esa rangli shisha va marvarid munchoqlar hamda kumush barglar shaklida yasalgan solinchoqlar mavjud.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” kitob-albomida (XXXIX jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.