Samoviy himoya: Mo'g'il ko'ylagi

Tilsimli ko‘ylakka bitilgan Qurʼoni karim Qo‘lyozmalar bo‘limi kolleksiyasidagi eng noyob ashyo hisoblanadi.

Matn arab tilida, mayda chiroyli nasx xatida yozilgan. Sanasi yo‘q, lekin yozuv uslubi va boshqa x ususiyatlariga ko‘ra, bu yodgorlikni Boburiylar sulolasining so‘nggi davri – XVIII asrga oid, deyish mumkin. Yozuvlar shaffof bo‘lmagan akvarel va siyohda paxta (kraxmallangan, maxsus ishlov berish jarayonidan foydalangan holda yengil yaltiratilgan yoki silliqlangan) matoga bitilgan. Ko‘ylak to‘g‘ri bichimda, bo‘yin o‘mizi kichik, dumaloq, old tomoni yirmochli, yenglari kalta va keng. Ko‘ylakning bo‘yin o‘mizi, old yirmochi, yenglari, yon yirmochlari va etagi chekkalariga to‘q ko‘k rangdagi jiyak tikilgan. Yenglardagi ikkitadan va yon tomonlardagi bittadan tikilgan olti juft tasmalar uchun ham aynan shunday mato ishlatilgan.

Yozuvlar ikki talqinda bajarilgan. Birinchi holda ular ko‘ylakning old quyi qismi va be l qismidagi to‘g‘ri to‘rtburchak va kvadrat shaklli bo‘lmalarda, shuningdek etak bo‘ylab ketgan arkalarda mayda kashta tikilgandek juda zich joylashtirilgan. Ikkinchisida – yozuvlar kattaroq harflar bilan berilgan va to‘q sariq nuqtalar fonida, birinchi nusxa yozuvlar bitilgan bo‘lmalarni chegaralab turgan hoshiyalarga joylashtirilgan. Mayda va yirik harflar, to‘q sariq rangdagi nuqtalar va ko‘k hoshiyaning uyg‘unlashtirilgani badiiy yechimni juda jozibador qilgan. Orqa tomon markazini ham unchalik katta bo‘lmagan to‘g‘riburchakli lavha, old etakni esa ikki dumaloq turunj bezab turibdi. Yana ikki kungurali turunj yelka chizig‘i bo‘ylab joylashtirilgan. Bu bezaklarning barchasi ko‘k va to‘q sariq ranglarda bajarilgan, yozuvlar esa qora siyohda bitilgan.

Umuman olganda, bezak tiraz matolarining islom anʼanalariga mos keladi, bunda muqaddas matnlar paxta matosiga yozilgan yoki tikilgan. Ko‘ylakning chekkalari ko‘k jiyak bilan qoplangan oq paxta astari bor. Musulmonlar bunday ko‘ylaklarni uchta sababga ko‘ra: jang maydoniga otlanganda, kasalliklarni daf qilish uchun, dushmanlardan va yomon ko‘zdan himoya ilinjida Allohning marhamatidan umidvor bo‘lib kiyishgan. Bunday ko‘ylakdagi muqaddas bitiklar sohibini balo va mushkulotlardan himoya qiladi, deya umid bildirilgan. Baʼzi suralar qodir Allohning ilohiy moʻjizalariga urg‘u berilgan tarzda qalin qilib yozilgan. Bu ham ko‘ylakning Yaratgandan marhamat istab yaratilgani, O‘zining hifzu himoyasida bo‘lish niyatida kiyilganidan dalolatdir.

Mavzu haqida batafsil ma'lumotni "KUSHONLAR VA BOBURIYLAR SAN'ATI NYU-DEHLIDAGI HINDISTON MILLIY MUZEYIDA" kitob-albomidan olishingiz mumkin.