Abdulahadxon tomonidan Peterburgda masjid qurilishi uchun yer sotib olinishi Rossiyada yashayotgan musulmonlar uchun ajoyib voqea bo‘ldi.
Masjid qurilishi uchun amirning o‘zi biroz mablag‘ sarfladi. Qolganini esa Buxoro savdogarlari zimmasiga yukladi. Reja bo‘yicha masjid poytaxtning eng chiroyli va hashamdor imoratlaridan biriga va Yevropaning eng yirik masjidiga aylanishi kerak edi. Abdulahadxon 1910 yilda masjid qurilishiga tantanali ravishda birinchi g‘isht qo‘yilishida shaxsan ishtirok etdi. Bu uning poytaxtga oxirgi safari edi. O‘sha yilning oxirida u, 1894 yili Buxoro ulamolari bilan janjaldan so‘ng kelib yashagan manzili – Karmanada vafot etdi. Boshqa amirlardan farqli ravishda shu yerga dafn etildi.
Peterburgdagi masjid esa 1913 yili uning o‘g‘li, amaldagi Buxoro amiri Said Amir Olimxon va u bilan bir vaqtda hokimiyatga kelgan Xiva xoni Isfandiyorxonlar ishtirokida ochildi. Amir Olimxon otasi Peterburgda boshlagan yana bir ish, masjiddan uncha uzoq bo‘lmagan joy – Kamennoostrovsk ko‘chasidagi o‘zlari uchun hashamatli qasr qurilishini nihoyasiga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur har ikki imorat bugungi kunda shaharning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurgan. Peterburgliklar xotirasida esa ular Buxoroga aloqadorligi bilan saqlanib qolgan. Ushbu qasr bilan masjidni hanuz «Buxoro amirining uyi» deya atashadi.
Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda» (XXXVII jild) kitob albomida tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.