Qoraqalpog‘istonning, ranglari ko‘zga yaqqol tashlanmaydigan, o‘ziga xos tabiati Igor Vitalyevich Saviskiyni ham asir etgan.
Ayni peyzaj janrida u o‘z iqtidori, ijodiy salohiyatini ko‘proq namoyon qilishga muvaffaq bo‘lgan. I.V. Saviskiyning 1950 yillar oxirlari – 1960-yil lardagi yetuk asarlarida akademik maktab bilan bog‘liq katta mahoratni his qilasiz. Rassom asarlarida aks etgan tabiat manzaralari rang-barang, osoyishta va uyg‘un («Jazirama choshgoh»). Tasvirlarning mayinligi va ranglar uyg‘unligi I.V. Saviskiyning ijodiga juda-juda xos.
Rassomning asarlari ulug‘vor, yorqin quyosh nurlariga boy. Shaklan katta bo‘lmay, asosan etyudlardan iborat bo‘lsa-da, ular muallif kasbiy mahoratining favqulodda yuksakligidan dalolat beradi. 1950–1960 yillarda I.V. Saviskiy O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston meʼmoriy obidalari peyzajlari turkumini yaratgan: «Qarshida oqshom», «Xiva. Bulutli oqshom», «Xiva. Qayrag‘ochlar», «Polvon pir ota maqbarasi hovlisi» (1958), «Xiva. Ilk nurlar» (1960), «Bolalar bog‘chasi», «Vazirlar Kengashi binosi oldidagi maydon» (1958), «Vazirlar Kengashi oldidagi hovli», «Bahorgi kun», “Oqshom” va boshqalar.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat sanʼati muzeyi to‘plami” kitob-albomida (IX jild) tanishishingiz mumkin.