Qayta taʼmirlash-restavratsiya ishlari natijasida tiklangan bitiklarga asoslangan holda 839/1435 yilda qurilgani qayd etilgan Shahrisabzdagi “Dor ut-tilovat” majmuasining asosiy yodgorligi sanalgan Ko‘kgumbaz jome masjidi “o‘zida zebu ziynatning barcha turlarini va martabaning barcha alomatlari va sifatlarini jamlagan jomeʼdir” deya taʼriflanadi.
To‘g‘ri, undagi bitiklar anchagina yo‘qotishlarga uchragan. Jumladan, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadarë viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomi tadqiqotchilarining fikricha, masjidning o‘ng manglay devordagi bitiklarni taʼmirlash-restavratsiya ishlarida juda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Aytib o‘tilgan kamchiliklarni inobatga olgan holda quyida ana shu bitikning ancha to‘liq matnini eʼtiboringizga havola etamiz, unda esa Mirza Abdurahmon tomonidan ko‘chirib olingan qismlar to‘g‘ri burchakli qavslar ichiga olingan.
“Ushbu jomeʼ masjid o‘zida zebu ziynatning barcha turlarini va martabaning barcha alomatlari va sifatlarini jamlagan jomeʼdir. Uning gumbazi bamisoli Yashil gumbazdek qilib uni bu Yashil shaharda... Ko‘ragon Sulton ibn Sulton Ulug‘bek Ko‘ragon ko‘tartirdi. Alloh uning davlatini abadiy qilsin.
Uning qurilgan yili – [8]39/1435-36.”
Ushbu bitikda Shahrisabz jome masjidining gumbazi Payg‘ambarimizning qabrlari – Ravzai mutahharaning gumbaziga qiyoslangan. Chunki ushbu gumbaz yam-yashil. Shuningdek, ushbu bitikda O‘rta asrlar Keshining Shahrisabz degan nomiga, yaʼni aynan «Yashil shahar» maʼnosini anglatuvchi ikkinchi nomiga ishora mavjud. Ushbu bitikda Mirzo Ulug‘bekning nomi zarhal harflar bilan alohida ajratib ko‘rsatilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.