Shahrisabzdagi noyob meʼmoriy inshoot – Amir Temur daxmasidagi toshtobutda qaysi hadis o‘yib yozilgan?
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi noyob meʼmoriy inshoot – Amir Temur o‘zi uchun tayyorlatgan daxma markazidagi toshtobut ustki qopqog‘ining qirralaridagi matn o‘limidan so‘ngra iymon keltirgan kishini kutib turadigan sinovlar va savollarga oid hadisni o‘zida ifoda etadi.
Undan keyin esa Imom Termiziy “Sunan”ida keltirilgan sahih (ishonarli) boshqa bir hadis o‘yib yozilgan.
Yaʼni:
“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar banda vafot qilsa, uning (oldiga) qora, ko‘zi ko‘k ikki farishta keladi. Ularning biri Munkar va ikkinchisi Nakir deyiladi. Bas, ular: «Bu payg‘ambar (s.a.v.) to‘g‘risida nima der eding?» deydilar. U: «Bu Allohning bandasi va rasulidir, Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad (s.a.v.) Allohning quli va rasuli ekanligiga guvohlik beraman», deydi. Ikki fa-rishta: «Darhaqiqat, biz sening shunday deyishingni bilar edik», deydilar. So‘ngra uning qabri u uchun yetmishga-yetmish ziroʼ qilib kengaytiriladi. So‘ng kengaytirilgan qabri nurli (yorug‘) qilinadi. So‘ng unga: “Uxla”, deyiladi. U esa: «Ahli oilamga qaytib, bu (xursandchilik) holatimni ularga xabarini berayin», deydi. Ikki farishta: «Uyqusida eng suyukli ahli (ayoli) uyg‘otadigan kuyovlarning uyqusidek uxlagin», deyishadi. Guvohlik beramanki, jannat – haqdir, do‘zax – haqdir, havz va shafoat – haqdir, Munkar va Nakir – haqdir, Sening diydoringga yetishish – haqdir, qiyomat – uning bo‘lishiga hech ham shubha yo‘qdir. Alloh taolo qabrdagi kimsalarni albatta qayta tiriltiradi. Unda men yashayman, unda men o‘laman va undan men yana inshoolloh, [qiyomat kuni] qayta tirilaman”.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.