Uzoq Sharqdan tortib to Shimoliy Afrikagacha – Osiyo xalqlari madaniyati va sanʼatini o‘rganish va ommalashtirishni maqsad qilib olgan Sharq Davlat muzeyi (SHDM) salkam yuz yillik tarixi mobaynida yirik madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasaga aylandi. Qiziqish doirasi anchayin keng qamrovli bo‘lsa-da, muzey faoliyatida O‘rta Osiyo, birinchi navbatda O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi.
O‘rta Osiyodan dastlabki amaliy-bezak sanʼati buyumlari 1919 yildayoq muzey kolleksiyasiga kelib tushgan edi. Tadqiqot ishlari olib borish va muzey fondlarini to‘ldirib borish uchun O‘rta Osiyo bag‘rida nechog‘li ulkan imkoniyatlar yashirinib yotganligini arxeolog va O‘rta Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Boris Petrovich Denike juda yaxshi anglar edi. 1924 yil avgust oyida u ilk marotaba O‘rta Osiyoga tashrif buyurib, hududning qadimiy madaniyat markazlarini aylanib chiqqan va O‘rta asrlar meʼmorchiligining o‘ta noyob yodgorliklarini ko‘zdan kechirgan.
1926 –1928 yillarda B.P. Denike O‘zbekistonga, Eski Termiz shahriga birinchi arxeologik ekspeditsiyasini uyushtiradi. Bu ekspeditsiya O‘tmish yodgorliklari va sanʼatini o‘rganish bo‘yicha O‘rta Osiyo qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilgan. Xususan, samarqandlik taniqli arxeolog va sharqshunos V.L. Vyatkin ham ana shu ekspeditsiya qatnashchisi bo‘lgan. Kuzgi dala sharoitidagi uch mavsum davomida ekspeditsiya Eski Termizni o‘rganish borasida yirik ishlarni amalga oshirgan.
Keyinchalik bu yerda topilgan sanʼat asarlari tufayli butun jahonda mashhur bo‘lgan ikki yodgorlik – Qoratepa g‘oridagi budda ibodatxonasi (I –V asrlar) va Termiz hukmdorlari saroyi (XI – XII asrlar) topilganligini alohida qayd etib o‘tish joiz. Ekspeditsiya topilmalarining bir qismi o‘sha davrda ochilgan Termiz o‘lkashunoslik muzeyiga berilgan.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi “Sharq davlat muzeyi to‘plami» (I jild) kitob-albomida o‘qishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.