O‘rta asrlarda har qanday asar qo‘lda ko‘chirilib, kitobat qilingan. Kitob ko‘chirish katta hunar va san’at hisoblangan.
Xatning badiiy turida yoza bilish iqtidor va bilimdonlik, savodxonlikning bir o‘lchovi bo‘lib xizmat qilgan. Xattotlik va kotiblik kasbi jamiyatda e’zozlanar, qo‘llab-quvvatlanar, mas’ul va hurmatga sazovor ish hisoblanardi. Ko‘plab olimu shoirlar, fozil kishilar yetuk xattot sifatida kitobat tarixi uchun o‘z meroslarini qoldirishgan.
Xattotning o‘qimishlilik darajasi ko‘chirilgan kitoblar miqdoriga mutanosib ravishda qo‘lyozmadan qo‘lyozmaga ortib borar, xattotlar kitobni ko‘chirish jarayonida muloqotda bo‘lgan mualliflar va ularning asarlari qancha salmoqli bo‘lsa, xattotlarning o‘qimishlilik darajasi shuncha yuksalar edi. O‘rta asrlarda O‘rta Osiyoda xattotning savodxonligi va keng dunyoqarashi uni bilimli, madaniy muhit vakiliga aylantirgan.
Mahoratli kotib qalamida yozilgan har bir xat san’at moʻjizasi kabi o‘lmas asar hisoblanadi. San’atkor xattotlarning yozgan xatlari ma’no ifodalaridan tashqari, kishilarni hayajonga solib, ularga estetik zavq beradi.
Muhammad ibn Husayin Tabiy, Mir Ali Tabriziy, Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Hiraviy, Munis Xorazmiy va Ahmad Donishlar shunday san’atkor kotiblar jumlasidandir.
Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi (XXV jild), “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.