Sharq xattotlari qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishgan? (II qism)

Shuni aytib o‘tish kerakki, Sharqda yozuvning juda ko‘p turlari mavjud bo‘lgan: kufiy, nasx, suls, nasta’liq, riqo, rayhoniy va yana boshqalar.

 

O‘zini xattot deb atagan kishi xattotlik qoidalaridan va yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan xat turlaridan xabardor bo‘lishi va qoidaga muvofiq ravishda yoza bilishi shart bo‘lgan. Bu esa anchayin ilm, qobiliyat va diqqat talab qiladi.

Husnixat ustasi – kotib kitobning eng asosiy ijrochisi va yaratuvchisidir. Buyurtma qilinayotgan kitob haqida barcha muzokara kotib bilan olib borilgan. U kitobning bor matnini ko‘chiribgina qolmay, uning tuzilishi bilan bog‘liq barcha unsurlarni rejalashtirgan. Bezak va miniatyuralar uchun ochiq joylar va sahifalar ajratgan. Umuman musavvir va lavvohning kitobni tayyorlashdagi ishlarini oldindan belgilab bergan. Kotib kitobning mazmuni va maqsadiga muvofiq u yoki bu xat xilini tanlagan. Sahifalar bo‘ylab ustunlar va qatorlar sonini belgilagan. She’riyat matnlarini kitob betlarida badiiy did bilan joylashtirish kabi vazifalarni bajargan. Masalan, yirik hajmli she’riy doston sahifada g‘azal, mustazod, musaddas va boshqa kichik janrlardan farqli joylashtirilgan (inv. № 2225). Ruboiy, tuyuq, chiston, fard kabilar ham har bir asarni ajratib ko‘rsatishga mo‘ljallab, bezaklar vositasida kitobat qilingan.

Masnaviy, qasida, soqiynoma kabi poetik asarlar ham o‘ziga xos kompozisiya talablariga muvofiq o‘rin topgan. Xattotlar Markaziy Osiyoda keng tarqalgan nasx, nasta’liq va suls xat turlarini mukammal bilmog‘i shart hisoblangan. Nasx xatida odatda Qur’oni Karim, hadislar yozilgan. Nasta’liq xati bilan ko‘proq badiiy adabiyot va tarixiy asarlar ko‘chirilgan. Suls xatidan esa ilmiy asarlarni ko‘chirishda, badiiy asarlar sarlavhalarini, fasl nomlarini, bob va ruknlarini ajratishda foydalanilgan. 

Bulardan tashqari xattotlar tomonidan nasriy qissalar, yilnoma kabi asarlarni ko‘chirish uchun rayhoniy xatiga murojaat etilgan. Ba’zan badiiy-adabiy asarlar uchun shikasta, qonunchilik hujjatlari, farmon va buyruqlar uchun tavqi, kundalik ish yuritish yozishmalari va maktub munshaot uchun riqo kabi xat turlaridan foydalanilgan.

Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi (XXV jild), “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.