Sharqning parijlik ayollari

XIX asrda voha-shaharlarga tashrif buyurgan yevropalik savdogarlarning ma’lumotlari va ushbu mintaqa bo‘ylab sayohat qilgan chet ellik fotograflar tomonidan suratga olingan Markaziy Osiyo xalqlari hayotini aks ettiruvchi ajoyib suratlarda o‘zbek an’anaviy liboslarining boyligi va xilma-xilligi o‘z aksini topgan.

Varshavadagi Osiyo va Tinch okeani muzeyida taqdim etilgan o‘zbek an’anaviy liboslari kolleksiyasiga har xil ipakdan to‘qilgan abrli matolarning bir turkumi, shu jumladan XIX asrning oxiriga oid ikkita buyum, XX asrning birinchi va ikkinchi yarmiga oid ustki kiyimlar kiradi. 

Ayollar kiyimiga kelsak, bu borada mintaqaviy xususiyatli xilma-xilliklar ko‘proq uchraydi. Umuman olganda, ularning tarkibiga uzun tunikasimon ko‘ylak, keng ishton–lozimlar va choponlar kirgan. Xushbichim va serhasham liboslari bilan dovrug‘ qozongan Buxoro aholisini XIX asr oxirida bu zaminga tashrif buyurgan yevropaliklar «Sharqning parijlik ayollari» deb atashgan. Kiyinishdagi obrazlilikni ta’minlash va o‘zining jamiyatdagi mavqeini ko‘rsatish uchun ayollar turli xil bosh kiyimlarini kiyishgan. 

Turmushga chiqmagan qizlar kashta tikilgan bosh kiyimda, turmushga chiqqan ayollar esa qattiq do‘ppi–lachakning ustidan ro‘mol deb ataladigan bir xil rangdagi yoki guldor naqshlar bilan bezatilgan (chorgul) durra kiyishgan. Tunikalar (kurta) bir xil rangli yoki Rossiyadan olib kelingan guldor naqshli matolardan tikilgan. Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Hindiston yarim orolidagi boshqa musulmon davlatlari singari, bu yerda ham erkaklar, ham ayollar orasida keng tikilgan ishton kiyish urf bo‘lgan. Ayollar ishtonlarini bir nechta ipak yoki paxta matodan tikishgan va belining atrofini mahkam bog‘lashgan.

Lozimlarning zardo‘zi kashtalari bilan bezatilgan, pishiqroq baxmaldan tikilgan turlariga tugmalar qadalgan. Ayollarda choponlarning ham rang-barang ko‘rinishdagi ko‘plab turlari mavjud bo‘lgan. Ularning orasida eng ommalashgani esa etaklari keng qirqilgan, xuddi oqib ketayotgandek ko‘rinishdagi choponlar, masalan, asosan Buxoro va Samarqandda ko‘proq kiyiladigan kaltacha va takrorlanuvchi anorgul va bodomgul motividan iborat yirik naqshlar bilan bezatilgan, biroz yopishib turadigan kamzullar bor. Yosh ayollar munisak va mursak deb nomlangan, yorqin rangdagi abrli matodan yoki katta guldor naqshli serhasham zarbof matodan tikilgan, bel qismida qirqimi va burmalari bo‘lgan, xipchabel choponlarni afzal ko‘rganlar.

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan “Polsha muzeylaridagi O‘zbekiston madaniy merosi”(XL jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.