Masjid ravoq kitobasidagi yozuv batamom o‘chib ketgan edi.
2005 yilgi ta’mirlash jarayonida shu o‘ringa Abdulhakim Razzoqov eskizlari asosida Qur’oni karimning «Mulk» surasi 2-oyati suls xatida bitilgan. Yuqori qismida kufiy xatida: الملك لله – «Mulk – Allohniki» kalimasi takroriy tarzda yozilgan. Biroq montaj paytida sariq rangli bitikning quyi qismi eniga kesilgan.
[U Alloh] sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq [savobliroq] amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir.
Eshik ustidagi kitobada nasx (yuqoridagi satr) va suls (quyidagi satr) xatlarida arab tilida baxshida yozuv bitilgan. Yuqoridagi satr bitigi kichik, sariq rangda, quyidagisi esa oq rangda bo‘lib, yirik harflar bilan bitilgan.
Alloh taolo bu munavvar masjid binosini qurishni Tuman Oqoga muvaffaq ayladi. Nomlari zikr etilgan malikaning ismi – ayollar ismlari orasida eng yaxshi ism.
U adolatli podshoh Amir Musoning qizi. Alloh unga [Tuman Oqoga] O‘zi sevgan va O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarni bajarishni nasib aylasin.
Maqbaraning shimoliy tarafidan chambarchas joylashgan chortoq peshtoqining kitobasida suls xatida Qur’oni karimning «Jin» surasi 18-oyati bitilgan (aniqrog‘i, qayta tiklangan). Tepasida kufiy xatida الله أكبر – «Alloh buyuk» kalimasi bitilgan.
Alloh taolo aytdi: «Albatta, [barcha] masjidlar Allohnikidir. Bas, [masjidlarda] Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo [ibodat] qilmangiz!»
Chortoqning ravoqi o‘rtasida bir doira (medalon) shaklda oltin harflar bilan kufiy xatida yozuv bitilgan. Doira sakkiz qirrali shakl ichiga joylashtirilgan. O‘rtasida Qur’oni karimdagi «Oyat ul-Kursiy» to‘la yozilgan.
Alloh nomi bilan [boshlayman] // Alloh nimani xohlasa [o‘sha bo‘ladi] // Kuch-quvvat faqat Allohdan. // Allohdan o‘zga iloh yo‘q, // Muhammad – Uning bandasi // va elchisi.
Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.