O‘rta asr tabiblarining ko‘pchiligi shoir ham bo‘lgan va shu isteʼdodidan ilmiy ijodda ham foydalangan.
Ayniqsa, kasalliklar muolajasi va sodda dorilar haqidagi sheʼriy risolalar juda ommalashgan. Chunki bitta sheʼrning o‘zida ham kasallik belgisi, ham uni davolash usuli va dorisi sodda va lo‘nda shaklda berilgan.
XIII asrdan keyin yaratilgan sheʼriy asarlarning katta qismi fors tilida bo‘lib, shulardan biri – Shihobiddin ibn Abdulkarim Qavom Naguriyning (XIV asr) «Shifoi maraz» (Kasallikni davolash) risolasi 4 nusxada yetib kelgan, ularning dastlabkisi 1685 yil Hindistonda ko‘chirilgan.
1526 – 1530 yillarda Zahiriddin Boburning va 1530 – 1556 yillarda uning o‘g‘li Humoyunning xos tabibi bo‘lgan Yusuf ibn Muhammad Yusufiy al-Hiraviyning nazmda bitilgan tibbiy risolalari juda mashhur bo‘lib, Sharqda keng tarqalgan.
Tib amaliyoti bo‘yicha uning ruboiy shaklida yozilgan «Iloj al-amroz» (Kasalliklarni davolash) nomli risolasi va «Jomiʼ al-favoid» (Foydalar to‘plami) nomli muallifning o‘z sharhi saqlanadi. Bu sharh Yusufiyga katta shuhrat keltirgan. Uning xazinada XV – XIX asrlarga oid 29 ta nusxasi bo‘lib, eng qadimiysi XVII asrning boshiga tegishli, 22 tasi XIX asrda kitobat qilingan.
Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to’plami” kitob-albomida (XXII jild) (2-qismda) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.