Bibiseshanba ziyoratgohiga faqat ayollar keladimi? 200-yil avval tashkil etilgan Bibiseshanba ziyoratgohiga mahalliy hamda xorijiy sayyohlar, ayolu erkak, yoshu qari birday buloq suvlaridan shifo olish uchun qeladilar. Ziyoratgoh ichida turli xastaliklarga davo boʻluvchi bir nechta shifobaxsh buloqlar mavjud boʻlib, maskanga mahalliy aholi tomonidan muqaddas qadamjo sifatida qaraladi va har seshanba kuni bu yerga kelib qizlar kokil kestiradi hamda farzand koʻrmaganlar oʻzlariga farzand tilab ibodat qiladi… Ziyoratgoh haqidagi haqiqatlar toʻliq isbotlanmagan boʻlsa-da, mahalliy aholi maskan toʻgʻrisidagi turli hikoyat va xislatlarga qattiq ishonadi.
Nima uchun “Devonaboy” masjidi? Yoshi ulugʻ insonlarning hikoya qilishicha, “Devonaboy” haqida xalq orasida turli rivoyatlar yuradi. Ulardan biri shuki, oʻtmishda davlatmand odam yashab oʻtgan boʻlib, ibodatlarida Tangridan hamisha farzand tilagan. Shunda bor boyligini nochor odamlarga tarqatib yuborishni va dunyoni darbadar kezib, ibodatga kirishi tushida maʼlum boʻladi. U tushida maʼlum boʻlgan barcha vazifani bajo etadi va farzandli boʻladi. Albatta, bu xalq tilidagi miflardan biri. Bu kabi hikoyatlar adogʻsiz. Ammo Andijonning diniy-maʼrifiy, ijtimoiy-maʼnaviy hayotida muhim ahamiyatga ega “Devonaboy” masjidi nima uchun bu nomda ekanini hech kim aniq bilmaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, hududning Eski shahar qismida joylashgan ushbu masjid XIX asrning oxirida qurilgan. Kirish qismi gumbazsimon boʻlib, qoʻsh tomonida minoralar koʻtarilgan. Minora va masjid peshtoqlari sharqona bezaklar bilan bezatilgan.
Masjidga hayit namozida besh ming, juma namozlarida 3.5 mingdan ziyod, odatdagi kunlarda esa 300 nafarga yaqin moʻmin-musulmon ibodat qilish uchun tashrif buyuradi.
Qishda issiq, yozda salqin havo taftli sirli tepalik – Jingirtepa (yana bir nomi Jungʻortepa) iqlim havosini moʻtadillashtiruvchi va muvozanatini ushlab turuvchi, qishda issiq, yozda salqin havo taftini baxsh etuvchi xislatga ega.
Asrlarga tengdosh tabiiy-arxeologik yodgorlik ajdodlarimizning Ulugʻ togʻdan Ershiga habar beruvchi koʻprik boʻlgani koʻplab asarlarda yozib oʻtilgan. Masalan, tarixchi olim, yozuvchi Mannob Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi” romanidagi “Ulugʻ togʻda tutun koʻrindi” deb nomlangan hikoyasida qadimgi Xitoy va Dovon oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush voqealari bayon qilingan. Unda Oʻsh-Selat yoʻli boʻylab Ershiga bostirib kelayotgan yov hamlasi haqida hukmdorning Jingirtepadagi harbiy qoʻmondoni qarorgohiga ershiliklarni ogoh qilish maqsadida archadan oʻt yoqib habar berishi tasvirlangan.
Shuningdek, ushbu tepalikdan turib, Ershi qalʼasining tashqi shahristoni soqchilariga savdo karvonlari yoki dushman kelayotganiga ishora berib turilgan.