Sovg‘a sifatida tikilgan zarchoponlar

Zardo‘zlik sanʼati O‘zbekiston hududida qadimdan mavjud bo‘lgan.

 

Zardo‘zlik namunalarida shakl betakrorligi va o‘ziga xos kashtachilik sanʼati uyg‘unligi mavjud. Ular orasida kiyimlar: erkaklar va ayollar choponi, nimchalar, belbog‘lar, shippaklar, poyabzallar, do‘ppilar; uy-ro‘zg‘or buyumlari – pardalar, choyshablar bor. 

Hashamdor bezatilganligi va naqshinkor xilma-xilligi bilan hayratda qoldiruvchi Buxoro zarchoponlari bir-birini takrorlamaydi. Bunday choponlarni ilgari Buxoro amirlari va saroy ayonlari kiyishgan. Sovg‘a sifatida tikiladiganlari esa, amirlar tomonidan iltifot belgisi sifatida beriladigan hadyalar hamda elchilik tuhfalari tarkibiga kirgan. Hozirgi kunda milliy anʼanalar va xalq hunarmandchiligining tiklanishi bilan erkaklar zardo‘zi choponlari kuyov to‘y liboslarining asosiy qismiga aylandi. Ular asosan tantanalarda kiyilmoqda, faxriy mehmon va boshqalarga sovg‘a qilinmoqda.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.