Surxondaryodan “Ulugʼbek xazinasi” topildi..

Prokuratura organlari tomonidan “Surxondaryo viloyatidagi Toʼpalang daryosi qirgʼogʼidan “Ulugʼbek xazinasi” topilganligi haqidagi maʼlumot (https://t.me/AOKA_Surxondaryo/1567) oʼrganildi. 

Аniqlanishicha, 2 mart kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan oqib oʼtuvchi Toʼpalang daryosi qirgʼogʼidan mahalliy aholi tomonidan mis tangalar topilgan. 

3 mart kuni Madaniy meros agentligi, Oʼzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi vakillari tomonidan mahalliy aholidan 512 dona mis tangalar belgilangan tartibda olinib, Termiz shahridagi Аrxeologiya muzeyi fondiga topshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan soha vakillari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan oʼrganish davomida qoʼshimcha ravishda 620 dona mis tanga va 1 dona shaxmat donasi ixtiyoriy ravishda olinib, muzey fondiga topshirilishi taʼminlandi.

Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi, madaniy meros boshqarmasi hamda arxeologiya muzeyi xodimlaridan iborat tarkibda maxsus ekspeditsiya tashkil etilib, hozirda qazishma ishlari olib borilmoqda.

Birgina, joriy yilning 9 mart kuni ekspeditsiya vakillari tomonidan 4 dona mis tangalar topilgan.

Аrxeologik olimlarning dastlabki xulosasiga koʼra, ushbu ashyolar Mirzo Ulugʼbek hukmronligi (XV asr) davrida zarb etilgan pul tangalarining shu kunga qadar topilgan eng katta va yaxshi saqlangan madaniy meros xazinasi hisoblanadi. 

Hozirda ushbu manzilda qidiruv ishlari davom ettirilayotgan boʼlib, Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.