Kushon podsholigining paydo bo‘lishi ikki xil manbalarda, qadimgi Xitoy solnomalarida kelgan qisqacha asoslar va numizmatik ma’lumotlarda aks ettirilgan.
«Kichik Xan sulolasi tarixi»da yuyechjilarning Baqtriyani zabt etishi va Katta yuyechjilar davlatining beshta knyazlik sulolasiga (yoki mulkiga) bo‘linishi yozilgandan so‘ng, shunday ma’lumot qayd etilgan:
«Yuz yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, guyshuan knyazi Kioszyukyu qolgan to‘rt knyazni o‘ziga bo‘ysundirdi va o‘zini Guyshuan nomi bilan atalgan davlat hukmdori, deb e’lon qildi. U Ansi bilan kurashishni boshladi, Gaofuni bo‘ysundirdi, Puda va Gibinni yo‘q qildi va ularning yerlariga egalik qildi. Kioszyukyu sakson yoshdan ko‘proq umr ko‘rdi. O‘limidan so‘ng uning o‘g‘li Yan-gaochjen taxtni egalladi va tez orada Hindistonni ham zabt etib, uni boshqarishni o‘z sarkardalaridan biriga topshirdi. O‘sha vaqtdan boshlab Yuyechji eng kuchli va eng boy sulolaga aylandi. Qo‘shni davlatlar uni Guyshuan hukmdori, deb atashgan, ammo Xitoy saroyi avvalgi nomini saqlab qoldi: Katta yuyechji».
Kioszyukyu va Yangaochjen ismlari Kushon podshohlari Kujula Kadfiz va Vima Kadfiz ismlariga mos kelishi tilshunoslik jihatidan ilgari o‘z isbotini topgan (endi Yangaochjen nomi Vima Taktoga mos kelishi (quyida) isbotlanmoqda). Kushon shohi Kujula Kadfiz tangalariga zarb qilingan unvon bitigiga ko‘ra, uning knyazdan (yabg‘u) shohanshohga, tangrining o‘g‘li rutbasiga bosqichma-bosqich ko‘tarilishini ko‘rsatadi: Maharajasa Mahatrasa Kuhanaca Kaphasa devaputra.
Uning tangalaridagi kxaroshtxi yozuvida yozilgan matnlar esa, u tuzgan podshohlik tarkibiga hind xalqlari yashaydigan hududlarning ham kiritilganligini ko‘rsatadi. Kujula Kadfiz tangalari Qobuliston va Gandxaradan ko‘plab topilgan va bu yerdagi topilmaning soni yuzlab va hatto minglab nusxalarni tashkil qiladi. Ayni paytda janubiy va shimoliy Baqtriyada Kujula Kadfizning tangalari faqat yagona nusxalarda topilgan bo‘lib, bu uning ushbu viloyatlardagi ta’sirini inkor etadi. Ehtimol, Baqtriyaning ayrim qismlarini Geliokl tangalari va Yevkratidning turli xil obollariga, shuningdek Sapadbiza sulolasining mustaqil zarb qilingan tangalariga taqlidan tangalar chiqargan boshqa yuyechji sulolalari vakillari boshqargan bo‘lishi ham mumkin.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Kushon podsholigi: sulolalar, davlat, xalq, til, yozuv va dinlar” (36-jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.