Taqdir kulib boqqan Abdulahadxon

1880-1890 yillarga kelib siyosiy madaniyatda hukmron toifalarning saroy fotosuratchilari alohida maqomga ega bo‘ldilar.

Abdulahadxon Muzaffarxonning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 18 yoshida Buxorodan 100 kilometrcha naridagi Karmanada bek lavozimiga erishdi va to otasining o‘limiga qadar shu lavozimda faoliyat yuritdi. Merosxo‘rlik an’analariga muvofiq Buxoro taxtiga katta o‘g‘il Abdumalik to‘ra o‘tirishi lozim edi. Ammo 1868 yilgi muvaffaqiyatsiz qo‘zg‘olondan keyin u Hindistonga qochib ketdi. Ikkinchi va uchinchi o‘g‘il ertaroq vafot etishgan edi. Shu sababli 1883 yilda Aleksandr III ning taxtga o‘tirishi tantanalari marosimida qatnashish uchun Muzaffarxon Moskvaga Abdulahadxonni jo‘natdi va uni rasman Buxoro amirining merosxo‘ri sifatida tan olishlarini so‘radi.

Zamondoshlari uni ilmli, yevropacha ta’lim olgan hukmdor atab, «judayam aqlli, so‘zamol, qiziquvchan» deya ta’riflashgan. Abdulahadxon quldorlikni bekor qildi, zindonlarni yo‘qotdi, turli uqubatlar bilan qiynab o‘ldirish kabi jazolarni taqiqladi, armiyani qaytadan tuzdi, soliq to‘lovlarini tartibga solish, konchilik sanoati va savdo-sotiq sohasini rivojlantirishda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Uning davrida Buxoro amirligi yerlari bo‘ylab Kaspiyorti temir yo‘li qurildi. Imperator oilasi bilan yaqindan hamkorlik qilgan birinchi Buxoro amiri sifatida u tarixga kirdi. Abdulahadxon Peterburgga tez-tez kelib turar, Aleksandr III ning, malika Mariya Fyodorovnaning e’tiboriga sazovor bo‘lgan edi. Nikolay II unga «Zoti oliylari» maqomini (1896) va kavaleriya generali, Tersk kazak jangchilarining atamani, general-ad’yutant, 5-Orenburg kazak polkining homiysi unvonlarini berdi.

Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda» (XXXVII jild) kitob albomida tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.