To‘palang daryosida yana bir noyob topilma borligi aniqlandi...

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi To‘palang daryosi o‘ng qirg‘og‘idan bronzadan quyma uslubda yasalgan ot haykalchasi topildi.

Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Bekzod O‘raqovga ko‘ra, haykalcha To‘palang daryosining bundan oldin Mirzo Ulug‘bek zarb ettirgan tangalar topilgan Alisher Navoiy nomli mahalla hududidan oqib o‘tuvchi qismidan chiqqan.

“Ot haykalchasi ham ana shu yerdan topib olingan bo‘lib, u kelgusida hudud tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, dedi O‘raqov.

Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan ot haykalchasi mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganilib, dastlabki xulosa berilgan.

Qadimshunoslar fikricha, 91,57 gramm o‘lchamga ega bronza ot haykalchasi To‘palang daryosi ichida Mirzo Ulug‘bek nomidan XV asrga oid tangalar bilan bir joydan topilgani uchun shu asr bilan davriylashtirildi. Kelgusida bu yerda olib boriladigan tadqiqot ishlari mazkur topilma sanasini yanada oydinlashtiradi.