Har qanday xalqning kiyimlari o‘zining betakror ranglar uyg‘unligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi, bu o‘sha xalqning yashab, rivojlanib borayotgan iqlimiy va ijtimoiy sharoitlaridan darak beradi.
U xalq hayotining o‘ziga xos qomusi hamdir, faqat uni o‘qiy bilmoq lozim. O‘zbek choponlari har doim alohida xilma-xilligi bilan ajralib turgan.
Shuningdek,to‘nlarni bichishda buxorocha-samarqandcha, xorazmcha, toshkentcha-farg‘onacha kabi bir qancha mustaqil mahalliy turlar farqlanadi. To‘nlar tashqi ko‘rinishi bo‘yicha ham farqlangan. Erkaklarda bu qavilgan paxtalik to‘n yoki chopon; tuya yoki qo‘y junidan uyda to‘qilgan issiq astarli qavilmagan libos – yaxtak yoki avr to‘n va chakmon. Qishda chakmon qavilgan paxtalik chopon ustidan kiyilgan. U chopondan ancha keng va qulay bo‘lgan. To‘nlar mahalliy va chetdan keltirilgan paxtali gazlamalar yoki olacha va beqasam nimshoyilardan tikilgan.
Chiziqlar rangi, ularning uyg‘unligi va kengligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, Toshkentda sokin yashil va qora ranglar ustunlik qilgan; Farg‘onaning Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida yashovchilar binafsha va pushti ranglar birikkan sariq rangni afzal ko‘rganlar; Xorazmda mayda chiziqli qizil rang ko‘p ishlatilgan; Buxoro va Samarqandda erkaklar kiyimlari yorqin va rang-barang ipakli matodan tikilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.