Toshkent xattotlik maktabi namoyandalari

Mahmud Abduljalil Vosifiy «Badoye’ ul-vaqoye’» (Ajoyib voqealar)ning (inv.№ 698) muallifi, xurosonlik mashhur shoir. U 1521 yil Movarounnahrga safar qiladi va Toshkentga keladi, shu yerda qalam tebratib, xattotlik ham qiladi.

Jaloliddin Yusuf Shoshiy XVI asrda Toshkentda naqqoshlik, suratkashlik, xattotlik san’atida yuqori darajaga yetgan.

Muhammad Yusuf Toib Muhammad Amin o‘g‘li 1894 yil Abdurahmon Jomiyning «Jilo ur-ruh» (Ruhning jilosi) nomli qasidasiga javob tariqasida «Anvor ul-bavoriq» (Chaqmoq nurlari) nomida qasida yozib, go‘zal xatda o‘z qo‘li bilan ko‘chirganligi taxmin qilinadi (№ 6696).

Muhammad Shohmurod kotib Ne’mat o‘g‘li. U Dovudxoja kotibdan xattotlik sirlarini o‘rgangan. Yirik xattotlarning uslubiga taqlid qilib, nusxa ko‘chirgan.

Muhammad Usmon kotib Toshkandiy «Usmon kotib» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Muhammad Porsoning «Fasl ul-xitob» (Ravshan nutq) (inv. № 10417), Mas’udiyning «Saloti Mas’udiy» (Mas’udiy salovoti) (inv. № 14868) asarlarini ko‘chirgan.

Muxammad Zarif (XIX – XX asrlar) shoir va xattot. Alisher Navoiyning ko‘plab asarlarini ko‘chirgan (masalan, inv. № 6126).

Sirojiddin Maxdum Sidqiy Mirzohid Xondayliqiy – XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotining vakillaridan biri. Yozuvni san’at darajasiga ko‘targan, husnixatning nasx, ta’liq, yoqutiy, ubaydiy, suls, ruq’a, lohuriy uslublarini puxta egallagan, fikrning mazmunigagina emas, tasviriga ham e’tibor bilan qaragan. U ko‘chirgan ko‘plab qo‘lyozmalar O‘zR FA SHIda saqlanmoqda (inv. №№ 9569, 7629, 7630).

Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi (XXV jild), “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.