So'zanalar haqida gap ketganida so‘zananing toshkentcha turi hisoblangan palaklarni eslamasik mumkin emas.
Ulardagi katta doiralar, hatto ular bir nechta bo‘lsa ham Oyni yoki Oy nuri (oy-palak) ni, kichik doiralar esa yulduzlarni, yulduzlar yog‘dusi (yulduz-palak) ni anglatgan. Umuman olganda, palak Oy va yulduzlar porlab turgan tungi samoning ramziy tasvirini o‘zida ifodalagan.
Palaklarning tuzilishi o‘lchami va soni bittadan yigirmatagacha bo‘lgan medalon-doiralarning joylashuviga qarab bir-biridan farq qilgan. Agar kashtada oltita medalon-yulduz aks ettirilgan bo‘lsa, u olti oy palak, 20 ta yulduz bo‘lsa – yigirma oy palak deb atalgan. Shu tarzda unda tikilgan doiralarning sonidan kelib chiqqan holda palaklarga alohida nom berilgan. Bu nomlar tadqiqotchilar tomonidan ham, antiqa mollar savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdogarlar tomonidan ham ishlatiladi.
Toshkent palaklarining o‘ziga xos jihati yana shundaki, medalon-doiralarning ichki yuzasi butkul bir xil rangdagi ip bilan tikilgan. Qoidaga ko‘ra, bu bir xil tusdagi qizil yoki qirmizi aralash qizil rang bo‘lgan. Shu o‘rinda nima uchun tungi osmon tasvirida aynan qizil rang tanlangan, degan savolga ishonarli javob topish qiyin. Shuningdek, medalonlar atrofida odatda to‘q yashil, sariq, jigarrang va to‘q jigarrang aylana halqalar tikilganini ko‘rish mumkin.
Avvaliga oy-palaklar kashtalarning boshqa turidan mato yuzasining asosi butkul naqsh bilan qoplangani bois farq qilgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan asos sifatida qizil rangli matodan foydalanilib, hoshiya va markaziy qismigagina naqsh bilan zeb berilgan. Shu zaylda oy-palaklar yuzasidagi tikuv qismi kamaygan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya muzeylarida” kitob-albomida (XX jild) tanishishingiz mumkin.