Tretyakov galereyasida Vasiliy Vereshaginning qaysi suratlar to‘plami saqlanmoqda?

Tretyakov Davlat galereyasi dunyoning eng yirik muzeylari qatoriga kiradi.

 

Galereya nomi uning asoschilari bo‘lmish moskvalik savdogar va to‘quv fabrika egalari Pavel Mixaylovich Tretyakov (1832–1898) va uning ukasi Sergey Mixaylovich (1834–1892) sharafiga qo‘yilgan.

«Rassomlik san’atini sidqidildan yonib sevuvchi mendek bir inson uchun barchaga naf va huzur-halovat baxsh etguvchi nafis san’at saqlanadigan hamda barchamiz uchun ochiq bo‘lgan manzilni tashkil etishdan yuksakroq orzu yo‘qdir», deb yozgan edi 1860 yilda Pavel Mixaylovich Tretyakov.

Tretyakov kolleksiyachilik faoliyatining ko‘lami hayratlanarli darajada keng va rang-barangdir. 1874 yilda Vasiliy Vereshchaginning (1842 – 1904) hozirda mashhur hisoblangan Turkiston suratlarining katta seriyasi galereya tomonidan sotib olingan. Seriyaning bu go‘zal suratlari rassomning yuksak mahorati bilan o‘ziga maftun qilibgina qolmay, O‘rta Osiyo xalqining ma’naviy boyligi va go‘zalligining hali ko‘z ko‘rmagan sirli dunyosini, yuksak me’morlik madaniyatini, xalq ustalarining noyob ziynatlash san’atini ochib beradi.

Kolleksiya shitob bilan kengayib borgan va aka-uka Tretyakovlar moskvaliklar hamda san’atga qiziqqan barcha kishilar ko‘rib zavq olishi uchun xazinalarini Moskvaga hadya etib, azaliy orzularini amalga oshirishga qaror qilganlar. 1893 yil avgust oyida muzey omma uchun bepul ochib qo‘yilgan. O‘sha daqiqadan boshlab, 1918 yilga qadar muzey «Pavel va Sergey Tretyakovlarning shahar badiiy galereyasi» deb nomlangan.

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Tretyakov galereyasi Davlat to‘plami” (III jild) kitob-albomidan  olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.