Tuman Aqo maqbarasi: uyg‘unlik va nafosat

Bu maqbara Tuman Oqo qurdirgan mazkur turkum binolaridan biridir.

 Maqbara hozirgi paytda masjidning asosiy binosi bilan tutashgan, maqbaradan masjid zaliga kiradigan eshik va old (sharqiy) qismida nafis naqshlar bilan bezatilgan peshtoq o‘rnatilgan. Maqbarani yaratishdagi badiiy g‘oya yorqin koshinlar izora va nafis sirlangan devor qubbalarining kontrastiga asoslangan. Maqbara ichidagi ochiq ranglarga qarama-qarshi qilib fasadga rang-barang jo‘shqin bo‘yoqlar berilgan. Tuman Oqo maqbarasi inshooti, bir so‘z bilan aytganda, o‘ziga xos badiiy yechimi bilan alohida ajralib turadi. Maqbara binosi majmuadagi boshqa maqbaralarga nisbatan ixchamroq bo‘lsa-da, gumbazlari balandroq qilib qurilgan.

Maqbaraning qoplamasi g‘oyat nafis va mohirona ishlangan. Peshtoq qoplamasining tiniq, to‘q gunafsha rangli sathida gullarning band va barglari, naqshli harflar bilan chirmashib, ajoyib joziba kasb etgan. Naqsh va bitiklarni koshinkor usta Shayx Muhammad ibn hoji Bandgironiy at-Tug‘roboziy yozgan va bezagan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, uchala binodagi koshinkorlik ishlarida qo‘llangan uslublar – Samarqand maktabiga xos. 

Qolgan naqshlar esa ozarboyjonlik ustalar tomonidan amalga oshirilgan. Maqbaraning poliga yotqizilgan marmar toshlarning parchalari va devorning pastki qismini bezagan ajoyib izora qoldiqlarigina saqlangan. Izora olti qirrali g‘oyat tiniq to‘q yashil koshinlar bilan bezatilgan. Diqqat bilan qaralsa, ba’zi bir joylarda zarhal berilgan nafis naqshning izlarini ko‘rish mumkin. Maqbara devorida, muqarnaslarda va gumbazning o‘zida ham yashil, qora rang va zarhal berib ishlangan nafis naqsh saqlangan.

Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.