Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 15-19 sentyabr kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F. Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirokida Turkiyada bir qator tadbirlar, davra suhbatlari, taqdimot va ko‘rgazmalar o‘tkazildi.

Dastlab, markaz vakillari tomonidan 15 sentyabr kuni Istanbul shahridagi “Outdor Factory” kompaniyasi faoliyati yaqindan o‘rganildi. Mazkur kompaniya ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyini boyitish bo‘yicha o‘z loyihalarini taqdim etgan. Kompaniya rahbari Sinan Turaman Turkiya Prezidentining Istanbul shahridagi muzeyida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Safar davomida Istanbul shahridagi Ayo Sofiya majmuasi, Ko‘k masjid, To‘pqopi saroyi, qadimgi Efes shahri va Galikarnas maqbarasi kabi mashhur tarixiy yodgorliklarning kichik modellarini o‘z ichiga olgan Ochiq osmon ostidagi miniatyuralar muzeyi – Miniatürk singari diqqatga sazovor joylarda qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Markaz mutaxassislari ushbu tarixiy obidalar va muzeylar, kutubxona va boshqa maʼrifiy muassasalar tajribasini o‘rganishdi.





Markaz delegatsiyasi safar davomida Turkiyadagi ana shunday muassasalarda zamonaviy interaktiv dasturlar, axborot texnologiyalarining eng so‘nggi yutuqlaridan qay darajada foydalanilayotganiga eʼtibor qaratdi. Jumladan, Bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan “Deneyap Technology Atölyesi” taʼlim dasturi, “Istiqlol” Istanbul illyuziyalar muzeyi, Turkiya Zamonaviy sanʼat muzeyi, Istanbulning Usmoniy sulton Mehmed Fotih tomonidan fath etilishiga bag‘ishlangan “Panorama 1453” muzeyi, Ayo Sofiya tarixi muzeyida bu borada jahondagi eng ilg‘or va zamonaviy metodlar, turli 3D shoular, video-kontentlar ishlatilayotgani maʼlum bo‘ldi.






Ilmiy-ijodiy safar asnosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasiga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy maslahatchisi Halit Eren, Milliy saroylar boshqarmasi boshlig‘i Yasin Yildiz, Turkiya qo‘lyozmalar idorasi rahbari Jo‘shkun Yilmaz, qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari professorlari, olim va mutaxassislar hamrohlik qilishdi.



Istanbuldagi uchrashuvlar, tashriflar chog‘ida O‘zbekiston madaniy merosi bilan bog‘liq qator nodir qo‘lyozmalar va tarixiy eksponatlar bilan ham tanshildi.

Jumladan, Turk va Yevropa meʼmorchiligining nodir namunasi “Yulduz” saroyida Qo‘qon xoni Amir Umarxon turk sultoni Mahmud II ga hadya qilgan Qurʼoni karim nusxasi saqlanmoqda. To‘pqopi muzeyida temuriylar davriga oid qator nodir osori atiqalar. Buxoro amirining turk sultoni Abdulhamid II ga yuborgan hadyalari, islom olamining eng nodir va muqaddas omonatlari o‘zbekistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Turkiya tarixidagi muhim maskanlardan biri – Dolmabaxche saroyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy saroylar boshqarmasi raisi Yasin Yildiz o‘rtasidagi uchrashuvda mushtarak milliy merosimizni o‘rganishda ilmiy kuch va imkoniyatlarni birlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo miqyosida islom dinining maʼrifatparvarlik tamoyillarini keng targ‘ib qilish, madaniy merosni asrab-avaylashda amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtiborga molik, - dedi Yasin Yildiz. – Bu borada Turkiyada ham nihoyatda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda ham bu borada hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti. O‘ylaymizki, o‘zbekistonlik do‘stlarimizning bu tashrif har ikki yurt olimlari va tadqiqotchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Uchrashuvda bu borada o‘zbek va turk olimlarining hamkorligi doirasida qo‘shma forum tashkil qilish taklif qilindi. Yasin Yildiz Turkiyadagi milliy saroylar, muzey va kutubxonalar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan yangi kitob-albomlar chop etish bo‘yicha hamkorlik qilishini bildirdi.
Turkiya zamini buyuk aziz-avliyolar, ulug‘ mutafakkirlar xoki mangu qo‘nim topgan zamin. U yerda O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan va qadim Rum o‘lkasiga safar qilib, shu yerda umrining so‘nggi damlarida yashab ijod qilgan ajdodlarimiz xoki yotibdi. Delegatsiya vakillari Istanbulning Ayyub Sulton maqbarasida dafn qilingan Ali Qushchi qabri, Uskudarda bir paytlar haj ziyoratiga otlangan hamyurtlarimiz uchun vaqtincha boshpana vazifasini o‘tagan O‘zbeklar tekkesi (xonaqohi)ni ziyorat qilib, ajdodlarimiz ruhiga hurmat bajo keltirildi.


Ayni paytda Markaz rahbariyati tomonidan qardosh yurtdagi matbaa korxonalari, xattot noshir va dizaynerlar bilan ham doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu galgi safar chog‘ida “Mega Basim” nashriyot uyi direktori Hasan Kondu, Qurʼoni Karimni 1500 yillik xat va bezak uslublarini o‘z ichiga olgan qo‘lyozma xattoti Husayn Kutlu bilan muzokaralar olib borildi. “O‘zbekiston qo‘lyozma merosida tarixiy shaxslar”, “Klavixoning Amir Temur saltanatiga sayohati”, “Qurʼoni Karimning 114 nodir qo‘lyozmasi”, “O‘zbekistonning noyob musʼhaflari” kitob-albomlarini chop etish bo‘yicha uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi.

Delegatsiya vakillari ishtirokida 17 sentyabr kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRCICA tashkiloti binosida mamlakatimizning qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati haqida “Yangi O‘zbekiston: zamon, makon va madaniy meros” mavzusidagi fotoko‘rgazma tashkil qilindi. Fotoko‘rgazma doirasida “O‘zbekiston-Turkiya: tutash ildizlar va umumiy meros” media-ivent dasturi va “O‘zbekistonning buyuk allomalari ensiklopediyasi” loyihasi taqdimotlari o‘tkazildi. Ushbu tadbir davomida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy ilmiy tekshirish markazlari taqdimotlari o‘tkazildi. Shuningdek media-ivent doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom tadqiqotlar markazi va IRCICA o‘rtasida “O‘zbekistonning buyuk allomalari” ensiklopediyasini yaratish bo‘yicha kelishib olindi.




18-19 sentyabr kunlari ham o‘zaro manfaatli uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Jumladan, Fuat Sezgin ilm-fan va texnologiyalar tarixi muzeyi, To‘pqopi saroyi muzeyi, Turk-islom sanʼati muzeyi tajribasi yaqindan o‘rganildi. Bir qator tarixiy nodir qo‘lyozmalar, jumladan Qurʼoni Karimning Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon davrida yaratilgan, temuriy shahzoda Boysunqur Mirzo tomonidan ko‘chirilgan nusxalarining faksimile nashrlarini yaratish yuzasidan muzey rahbarlari bilan kelishuvga erishildi.

Turkiya qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi professor Jo‘shqin Yilmaz tomonidan “Sahih ul-Buxoriy” asarining XIII asrda ko‘chirilgan eng qadimgi to‘liq qo‘lyozmasining faksimile nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyiga hadya qilindi. Ana shunday qiziqarli, foydali uchrashuvlar, muzokaralar Turkiya poytaxti Anqara shahrida ham davom etdi.


Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRCICAning sobiq rahbari Halit Eren O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalarida ham faol ishtirok etib kelmoqda.
— O‘zbekiston rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan umuminsoniy islohotlarni muntazam kuzatib boraman, - dedi Halit Eren. – Yaqinda bu islohotlarning jahonshumul ahamiyatiga bag‘ishlangan maxsus maqolamni Turkiyada ingliz tilida chop etiladigan “Daily Sabah” gazetasida eʼlon qilgan edim. Bu maqola va barcha diplomatik korpus vakillari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikdagi Turkiyada saqlanayotgan O‘zbekistonga oid eng nodir Qurʼon qo‘lyozmalari loyihasi ustida ish olib boryapman.
17 sentyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Millat kutubxonasida yurtimizdagi mazkur markazlarning taqdimotlari tashkil etildi. Xususan, Turkiya Milliy kutubxonasida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi burchagini yana-da boyitish bo‘yicha ushbu kutubxona mutasaddilari bilan muzokaralar olib borildi.


Boshqarma huzuridagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar fondi bilan tanishildi va kitoblarni saqlash sharoitlari o‘rganildi va tajribalar almashildi. Shundan so‘ng delegatsiya aʼzolari Romiy kutubxonasining restavratsiya laboratoriyasida bo‘lib, u yerdagi ish jarayonlari, qadimiy qo‘lyozma manbalarni tiklash-taʼmirlash tajribalari bilan tanishildi. Ayni paytda bu yerda o‘zbekistonlik bir guruh restavratorlar ham tajriba o‘tamoqda.
— Turkiyaga bu galgi tashrifimiz juda esda qolarli va manfaatli bo‘ldi, deyish mumkin, - dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Yaqinda Samarqanda o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” Xalqaro kongressida 40 ga yaqin turkiyalik olimlar ishtirok etib, markazimiz faoliyatini takomillashtirish yuzasidan 30 dan ortiq taklif va loyihalarni ilgari surishgan edi. Biz ushbu mutaxassislar bilan uchrashib, ularning o‘z loyihalari bo‘yicha ishlarni davom ettirish yuzasidan muzokaralar olib bordik.
Turk muzey va kutubxonalaridagi O‘zbekiston madaniy merosiga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishib, ikki xalq madaniyati, tarixi va taqdiri bir-biriga chambarchas bog‘liq ekaniga yana-da ishonch hosil qoldik. Bu safarimizdan olingan xulosalar keyingi faoliyatimiz yo‘nalishlarini aniq va to‘g‘ri belgilab olishimizda katta o‘rin tutadi.