1891 yil aprel oyida Milliy kutubxonaga 1430 – 1440 yillarda Samarqanddagi mashhur rasadxona qurilishi paytida Ulug‘bekning shaxsiy kutubxonasi uchun tayyorlangan as-So‘fiyning 74 ta rangli suratlar kiritilgan ajoyib xattotlik qo‘lyozmasi «Suvar al-kavakib as-sabita» (“Sobit yulduzlar kitobi”) asari kelib tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘lyozma sotib olingan vaqtda J. Klats ismli kishining qo‘lida bo‘lgan. Qo‘lyozmaning yorlig‘idagi 1228/1813 sanasi va Onado‘lining diniy ishlar bo‘yicha ma’muri Muhammad Sodiq Hofiz Afandi Kadhudozodaning sobiq kutubxonasiga daxldorligini bildiruvchi yorliqqa ko‘ra qo‘lyozma Istanbuldan keltirilgan. 1 a va 161 a sahifasidagi «Sulton Muhammad» yozuvli muhr, ehtimol, temuriy shahzodaga tegishli bo‘lib, kitob safaviylar-usmoniylar o‘rtasidagi urushlar paytida Markaziy Osiyodan O‘smoniylar saltanatiga kelib qolganligini ko‘rsatadi.
Mavzu doirasida batafsil «Movarounnahr bеzakli qo‘lyozmalari Fransiya to‘plamlarida» kitob-albomida (XXIX jild) tanishishingiz mumkin.