Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga nafaqat odamlar evakuatsiya qilingan, balki muzeylardagi noyob eksponatlar ham yuborilgan.
Urush tagagach, 1946 yilda esa muzeylar omborlari tartibga keltirilib, evakuatsiya qilingan eksponatlar yana boyitib qaytarilgan. Shuningdek yangi ekspeditsiyalar tashkil etilib, o‘zbek xaloqining noyob milliy hunarmandchilik namunalari olib kelingan.
Urushdan so‘nggi ilk ekspeditsiya O‘zbekistonning tarixiy-madaniy hududlaridan biri – Xorazm viloyatiga uyushtirilgan. Bu hudud ilgari XIX–XX asr boshi etnograflari eʼtiboridan chetda qolib kelgan. Boshqa vohalardan XX asrgacha Qizilqum sahrosining bepoyon kengliklari orqali ajralib qolgan Xorazm vohasida zardushtiylik anʼanalari unsurlarini ham ko‘rish mumkin bo‘lgan.
1946 yilgi ekspeditsiyaning ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishi Xorazm o‘zbeklari moddiy madaniyati, ayniqsa, zargarlik buyumlari va liboslarini o‘rganish bo‘lgan. Xiva, Hazorasp, Urganch kabi shaharlardan mahalliy madaniyat artefaktlari – kiyimlar, taqinchoqlar, to‘qima guldor matolar va kigizlar, o‘ziga xos Xorazm kulolchiligi buyumlari to‘plangan.
Shu tarzda Rossiya davlat etnografiya muzeyi to‘plamlari boyitilib, O‘zbekistonga oid eksponatlari soni 3000 dan oshib ketgan. Aytish joizki, ularning aksariyati o‘ta noyob eksponatlar sanaladi. Ular orasida Rossiya miqyosidagi ilk etnografiya ko‘rgazmasida 1867 yili namoyish etilgan erkak va ayollarning ikkita o‘zbekcha choponi alohida qimmatga ega. Ular hozirgi zamon nuqtai nazaridan, muzeyda saqlanayotgan anʼanaviy o‘zbek kiyimlarining eng qadimiylari hisoblanadi.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, 2- jild, “Rossiya davlat etnografiya muzeyi to‘plami" kitob-albomida o‘qishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.