"Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar! Madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi juda katta ahamiyatga ega".
"Milliy boylikni jahon san’ati kontekstida ochib berish Ozarbayjon davlat siyosatining madaniyat sohasidagi ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Umummilliy yetakchi Haydar Aliyev ta’kidlagan edi: “San’atda har bir xalqning o‘z o‘rni bor. Hech kim boshqasining o‘rnini bosa olmaydi”.
Madaniyati yuksak xalqgina hamisha olg‘a intilishi, yashashi va rivojlanishini inkor etib bo‘lmaydi. Milliy madaniy meros har bir davlatning oltin fondidir. Va aynan madaniyat, ilm-fan, adabiyot va san’at orqali xalqlar o‘zaro muloqotga kirishadi, bir-biriga yaqinlashadi, bir-birini tushunadi, davlatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalari mustahkamlanadi.
Qardosh O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan anjuman o‘tgan yillar davomida Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlari xalqlarimiz madaniyatiga chuqur o‘ylangan va e’tiborli munosabat namunasiga aylangani, kelajakda istiqbolli munosabatlar uchun qulay shart-sharoit yaratayotganining yorqin namunasidir. Xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar avvaldan qardoshlik asosida qurilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon mustaqil davlat sifatida bu hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa bo‘ldi.
Atoqli ozarbayjon va o‘zbek mumtoz namoyandalari – Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy, Nosiriddin Tusiy, Muhammad Fuzuliy ijodi nafaqat Sharq xalqlarining, balki jahondagi butun taraqqiyparvar insoniyatning mulki hisoblanadi. Buning natijasida Boku shahrida Alisher Navoiy, Toshkentda Nizomiy Ganjaviy haykali qad rostladi.
Yaqinda Boku shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi, qardosh xalq vakillari o‘zining yuksak mahorati va iste’dodini namoyon etdi, Fizuli shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab foydalanishga topshirildi. Ozarbayjon va O‘zbekistonning ko‘plab madaniyat namoyandalari yuksak faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandilar.
Mamlakatimizda bir necha bor o‘zbekistonlik taniqli va yosh ustalar, xalq rassomlari Akmal Nur, Bobur Ismoilov, Aleksandr Nikolayevlarning ko‘rgazmalari tashkil etildi. Uzoq yillar davomida Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi direktori lavozimida ishlab kelayotgan, xizmat ko‘rsatgan rassom, professor Chingiz Farzaliyevning O‘zbekistonda o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rgazmasi muhim va esda qolarli voqea bo‘ldi.
Madaniyat va milliy meros uyg‘un munosabatlarning mustahkam asosi ekanini bilgan umummilliy yetakchimiz tavalludining 100 yilligi nishonlanadigan yilda muhim voqea doirasida Ozarbayjon nomidan qatnashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Haydar Aliyev bu boradagi yaqin hamkorlikka katta ahamiyat berdi va bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz Ilhom Aliyev bu ulug‘ ishlarni davom ettirmoqda.
O‘zbeklarda “Ota duosini olgan inson hech qachon kam bulmaydi” degan ibora bor. Bu hikmatni o‘tmish an’analarini asrab-avaylashga, xalqlarimizning ildizlari hech qachon yo‘qolmasligi uchun merosni yangi avlodga avaylab yetkazishga intilayotgan davlat rahbarlari, madaniyat va san’at sohiblari faoliyati bilan to‘liq bog‘lashimiz mumkin".
Asadova Xadicha Veli qizi,
Ozarbayjon Milliy sanʼat muzeyi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari.