710–712 yillarda arab qo‘shinlari Kesh va Naxshab (hozirgi Shahrisabz va Qarshi)ga bostirib kirdi va bu hududlarni egalladi.
Keyinchalik, 776 yildan boshlab Kesh viloyatida Muqanna yetakchiligida arablarga qarshi qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tdi, ana shu isyonni bostirish chog‘ida shahar vayron etildi va IX asrda esa huvillab qoldi. Asta-sekin ilk o‘rta asrlar Keshidan (Kitob) janubda, uning qishloq xo‘jalik mavzelari sarhadida hozirgi Shahrisabz o‘rnida yangi shahar manzilgohi shakllandi va u ham Kesh deb atala boshlandi.
XII asrga kelib Shahrisabz o‘rnidagi shiddat bilan o‘sib borayotgan savdo-sotiq va hunarmandchilik shahri hududi yana-da kengayib bordi. Uning Samarqandga boradigan serqatnov karvon yo‘lida joylashgani ham bunga imkon tug‘dirgan edi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida (10-sahifa) tanishishingiz mumkin.