XIX asrning ipak qurtidan go'zallik yaratgan ayollari

XIX asrning oxirigacha kashta tikiladigan ipning eng asosiysi va ommalashgani mahalliy ishlab chiqarilgan ipak ip bo‘lgan.

 

Ayollar mustaqil tarzda uylarida ipak qurti boqishgan, yetishtirilgan pillani yigirib, ipak ip olishgan yoki ularni pilladan ip yigiradigan ustaxonalarga topshirishgan. Iplarni bo‘yash ham uy sharoitida amalga oshirilgan va bu qo‘l mehnatini talab qilgan. Rang berish uchun tabiiy buyoqlardan foydalanilgan. Bularning ichida eng ommalashgani ro‘yan (ildizidan qizil buyoq olinadigan o‘simon o‘simlik) bo‘lgan. 

Shuningdek, koshenil (qizil buyoq beradigan hasharot)dan keng ko‘lamli – pushtidan to‘q qizilgacha rang tayyorlangan.Isparak o‘simligidan esa, sariq rang olishda foydalanilgan, bu rangni nil bo‘yog‘i bilan biriktirganda yashil rang hosil bo‘lgan. Iplarni nil bo‘yog‘ida bo‘yash bilan faqatgina tajribali bo‘yoqchilar, asosan mahalliy yahudiylar shug‘ullangan. XIX asrda tayyorlangan buyumlarga to‘qqiztadan o‘n to‘rt, ba’zida o‘n beshtagacha ranglar ishlatilgan. Naqsh va gul bezaklar berishda qizil rang ustunlik qilgan. Faqat qizil rangning o‘zi bir necha turlarda berilishi kishini hayratda qoldiradi  – qizg‘ish, alvon, karmindan to lolaranggacha!

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.