Shaharlar, meʼmoriy obidalar ko‘rinishi XIX asr oxiri – XX asr boshida eng ko‘p va xo‘p fototasvirga olingan holatlar edi.
Katta shaharlarning ko‘zga ko‘ringulik imoratlari – shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan madrasalar va hamma joylardagi masjidlar fotosuratchilarning diqqatini ilk qarashdayoq jalb qilardi. Har bir shaharda o‘nlab, din markazi hisoblanmish Buxoroi Sharifda esa uch yuzdan ziyod masjid mavjud edi. Barcha ma’lum va mashhur shaharlarning eng markaziy maydoni atrofidan an’anaviy tarzda masjidlar uchun eng yaxshi yer maydoni ajratilardi. Gumbaz va tik minoralari tevarak-atrofdagi qurilishi bir xil, pastak uy-joylardan ajralib, mag‘rur qad rostlab turishi – shaharsozlikning an’anaviy ko‘rinishlaridan biri edi. Bundan tashqari, aksariyat jome’ masjidlari qadimiy mustahkam an’analar asosiga tayanib qurilgani sababli qo‘shimcha ravishda fotosuratchilarning diqqatini o‘ziga tortardi. Endilikda yo‘q bo‘lib ketgan yoki vaqt o‘tishi tufayli qaytadan ta’mirlangan, tiklangan va rangtusi o‘zgargan masjidlarning o‘sha paytdagi holati fotosuratlar sababli saqlanib qolgan.
Kamdan-kam uchraydigan tarixiy fotosuratlarda shahar atrofida tiklangan, uncha katta bo‘lmagan, hashamatsiz, atrofidagi uy-joylardan me’moriy yechimlari bilan birozgina ajralib turadigan masjidlarga ham duch kelamiz. Ularning tevaragi, kirish yo‘lagi ochiq, baland devorlar bilan o‘ralmagan. Holbuki, aynan ana shunday masjidlar shahar kengliklarini his etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida "O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda turkumidagi“ (37 jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.