XIX - XX asrlarda ishlangan taqinchoqlar

O‘zbek xonliklari davrida eng rivojlangan hunarmandchilik sohalaridan biri zargarlikdir.

Mahalliy zargarlar asosan kumush bilan ishlaganlar. Oltin tannarxi qimmat bo‘lgani bois, u juda kam ishlatilgan, biroq XIX asr oxirlaridan boshlab oltindan zarhallashda keng qo‘llanilgan. Kambag‘alroq odamlar uchun kumush suvi yugurtirilgan misdan taqinchoqlar ishlangan. Feruza, serdolik (yarim qimmatbaho tosh), lojuvard, granit, laʼl, berill kabi qimmatbaho toshlar zargarlar o‘rtasida keng qo‘llanilgan. Shuningdek, zargarlik buyumlari bezagi sifatida marjon, sadaf va durlardan ham foydalanilgan.
        
Qimmatbaho toshlarning yasama nusxalarini yasashda qizil, yashil va ko‘k shishalardan foydalanilgan bo‘lib, ular qimmatbaho yoqut, zumrad va laʼl toshlarining o‘rnini bosgan. Mashhur feruza toshining yasama ko‘rinishini yasashda xira och moviy shishalardan foydalanish, ayniqsa XIX asr oxirida ancha keng tarqalgan. O‘sha davrda zargarlikning eng keng tarqalgan usullariga sayqallash, qoraytirish, sirlash, o‘yma naqsh tushirish, qadama naqsh, quyish, tilla suvi yuritish va shu kabilarni misol qilish mumkin.
        
XIX asrda metallga qadama naqsh solishning maxsus buxorocha usuli tagnishin deb atalgan. Badiiy nuqtai nazardan u pardevorcha shaklidagi sirni (cloisonné) eslatib, unda ingichka simlardan yasalayotgan zargarlik buyumining sirtida payvandlashdan hosil bo‘lgan chuqurchalar sir kukuni bilan to‘ldirilgan. O‘z navbatida tagnishin uslubida metall sirtiga qadalgan feruzaning juda mayda parchalari evaziga badiiy nafislikka erishilgan. 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlarida” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.