“Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasining numizmatika kolleksiyasi 21 982 saqlash birligidan iborat.
Ularning 292 birligi – orden va medallar, 15 946 birligi – tangalar, 5 630 birligi qog‘oz va ipak pullardir.
Ushbu fondning asosiy qismini tangalar, qog‘oz va ipak pullar tashkil etadi. Tanga va pullarning ko‘p qismi fondga shahar aholisi tomonidan turli yillarda topshirilgan. Shuningdek, restavratsiya ishlari va arxeologik qazishmalar paytida Ichan qalʼa hududidan topilgan tangalar xazinasini ham aytib o‘tish joiz. Bular: temuriylarning 248 dona tangasi; 200 ta XIX asrga oid xontanga; 248 dona 797 yildan saqlangan Temur, Yazd tangalaridir. Ushbu kolleksiyasi sharofati bilan ilk davlatchilik tuzilmalaridan to bugungi kunimizgacha bo‘lgan Xorazm tarixini o‘rgansa bo‘ladi.
Qadimgi Xorazmda tangalarni zarb qilish amaliyotga kiritilguniga qadar ko‘p asrlar mobaynida ayirboshlash savdosining turli shakllari hukmronlik qilgan. Keyinchalik Xorazm xalqlari metall – tilla va kumush tangalarni zarb etishni o‘rganib olganlar, ammo ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning maʼlum shartlari tufayli ularni savdo-sotiqda qiymat o‘lchoviga aylantirmaganlar.
Milodgacha bo‘lgan 330–327 yillarda Aleksandr Makedonskiy qo‘shini tomonidan ahamoniylar davlati tor-mor qilingach uning o‘limidan so‘ng bosib olingan hududlarda ellinlar mamlakati, xususan, Yunon-Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Bu davrda Yevkraditning 160 grammdan og‘irroq vazndagi 20 stateri (puli) antik davrning eng yirik oltin tangasi hisoblangan. Yunon-Baqtriyaning o‘z tangalarini chiqarishi yuz yildan ortiqroq vaqt davom etgan.
Milodgacha bo‘lgan II–I asrlar oxiriga kelib, asl tangalarning nusxasi keng tarqaladi. Bu ko‘chirma nusxalar Xorazm mahalliy aholisining boshlang‘ich tanga zarb etish shakllari hisoblanadi, chunki avvalgi chiqarilgan tangalar Baqtriyaning yunon hukmdorlari tomonidan amalga oshirilgandi.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, 47- jild, “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami» kitob-albomi o‘qishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.