XV asrda Hirotda musiqa shaydolari kimning uyiga to‘planishgan?

Faqat Husayn Boyqaro va o‘sha davrning taniqli shaxslarigina emas, shoir va musiqachilarning uylarida ham majlislar o‘tkazilib, kuy-qo‘shiqlardan bahra olish odatiy holga aylangan.

Hirotda Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Said Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad Qushtigir tomonidan uyushtirilgan majlislar ham alohida ajralib turgan.

Ana shunday oliymaqom majlislardan biri haqida mashhur tarixchi Zayniddin Vosifiy o‘zining «Badoye’-ul-vaqoye’» asarida «Mir Alisher va Xoja Majiddin Muhammad majlisi ma’rifatli zotlarning Mavlono Abdulvose munshiy bilan Barza bog‘ida hazillashgani haqidagi bob»da to‘xtalib o‘tgan. Unda aytilishicha, bu majlisda 18 nafar xonanda va sozanda ishtirok etgan. Ular orasida xonanda Hofiz Basir, Hofiz Mir, Hofiz Hasan Ali, Hofiz Hoji, Hofiz Sulton Mahmud Oysha, Shoh Muhammad xonanda, Siyohcha xonanda, Hofiz Uvbahiy, Hofiz Turbatiy, Hofiz Charog‘donlar ham bo‘lgan. Cholg‘uchilar orasida esa Ustod Hasan Noiy, Ustod Qulmuhammad Udiy, Ustod Hasan Bolaboniy, Ustod Ali Xonaqohiy, Ustod Muhammadiy, Ustod Hoji Ko‘hasti Noiy, Ustod Said Ahmad Gʻijjakiy, Ustod Ali Kuchak Tanburiylar bo‘lishgan.

Alisher Navoiyning eslashicha, Hirotda Said Hasan Ardasherning (taxminan 1488 yoki 1489 yilda vafot etgan) uyi ana shunday majlislar juda ko‘p o‘tkaziladigan joylardan sanalgan. Pahlavon Muhammad Qushtigirning uyi ham ana shunday xonadonlardan sanalgan. Navoiyning («Holoti Pahlavon Muhammad» asarida) guvohlik berishicha, bu uyda musiqa va she’r ixlosmandlari, musiqachilar, xonandalar va raqqoslar yig‘ilib turishgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.