Bu davr uchun musiqiy hayotning demokratlashuvi ham to‘laqonli mos kelgan.
Adabiy musiqiy to‘garaklar va jamiyatlar shaharda va saroy tashqarisida, ziyoli zodagonlar, shoirlar, adiblar, hunarmandlar, savdogarlar davrasida ham keng tarqala boshlagan. Bunday hodisalar Buxoro va Samarqandda, Qo‘qon va Xivada, shu kabi ko‘plab shaharlarda kuzatilgan. Bu shaharlarda she’riyat va musiqada o‘zbek va fors-tojik tillarida zullisonayn (ikki tillilik) an’analar rivoj topgan.
Maqomchilar davraning, tinglovchilarning talablariga qarab, ular istagan tilda qo‘shiqlar ijro etishgan. Ularning repertuarida juda ko‘plab turkiy va forsiy tillardagi qo‘shiqlar bo‘lgan. Keyingi davr o‘zbek adabiyotida musiqa eng sevimli mavzulardan sanalgan. Ularning ko‘pgina she’rlarida sozlar ohangi va qalb kechinmalari bilan bog‘liq tashbeh va istioralarni uchratish mumkin. Jumladan, o‘zbek adabiyotining atoqli vakili Boborahim Mashrab (1657 – 1711) ijodida ham musiqa, cholg‘u asboblari bilan bog‘liq baytlarni uchratamiz. Mashrabning o‘lmas misralarini uyg‘ur maqomoti namunalarida ham uchratish mumkin: «Setorim torig‘a jon rishtasidin tor eshib cholsam».
Ko‘pgina shoirlar o‘z she’rlarini xushovoz hofizu mutriblarga, go‘zal va betakror sozlarga, xususan, tanburga bag‘ishlab yozganlar. O‘sha davrda tanbur Turkistondagi eng keng tarqalgan sozlardan biri bo‘lgan. U turli shakl, ko‘rinish va turlarga ega bo‘lgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.