O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining ko‘plab eksponatlari o‘zbek xalq amaliy sanʼatining asl durdonalari hisoblanadi.
Ular orasida metalldan yasalgan buyumlar muhim o‘rin egallaydi.
Mis kandakorligi ishlab chiqarishi XIX–XX asrlarda keng tarqalgan. Misdan ishlangan buyumlar qishloqda yashovchilar kundalik turmushida ham, shahar, xususan, Toshkent aholisi maishiy hayotida ham muhim o‘rin tutgan. Usta Muqim-Mirza, Mutum Xoji, usta Hamid naqqosh, Abdu Qodir, F. Rasulov, Rahim Sobirov va toshkentlik boshqa ustalar o‘z ishlari bilan mashhur edilar. Toshkent hunarmandlari mahsulotlari Turkiston va undan tashqaridagi ko‘rgazmalarda bir necha bor «Nafis kandakorlik ishi uchun» mukofoti bilan taqdirlangan.
XX asrda mis kandakorligi rivojlanishi uchun eng qulay sharoit 1920–1940 yillarda yuzaga kelib, bu vaqtda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida hunarmandchilik artellari mavjud edi. 1960 yillarda ular tugatilgach, mis buyumlar tayyorlash ishi keskin qisqarib ketdi. 1990 yillardan boshlab, xalq hunarmandchiligini qayta tiklash va rivojlantirish to‘g‘risida hukumat darajasidagi qarorlarning qabul qilinishi natijasida, bu xalq amaliy sanʼati turi boshqalar kabi milliy madaniyatda yana munosib o‘rinni egalladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.